Lola Sayfi Davlat san’at institutida me’morchilik bezaklari restavratorligi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qidi, tez orada batikka (matoga gul bosish) qiziqib qoldi va kiyim tikish uchun buyurtmalar ola boshladi.

Magazin ochish g‘oyasi 2000 yilda tug‘ildi: Lola va uning do‘stlari, rassom va dizaynerlar Toshkentda ijod insonlari o‘z didlariga mos liboslar — milliy ruh ufurib turgan san’at asari kabi ishlangan eksklyuziv, qo‘l mehnatidan foydalanib tikilgan liboslarni sotib olishi mumkin bo‘lgan savdo maskanlari yetishmasligi haqida o‘ylab qolishdi.

Shunday qilib Dina Malkova va Yuriy Pak bilan birga ular dizaynerlik va hunarmandchilik buyumlari magazini ishini yo‘lga qo‘yishni boshlashdi, Human Wear / “Odamiy kiyim” nomi esa Lola yoshligida onasidan ko‘p eshitadigan so‘zlardan kelib chiqdi: “Axir qachon sen ham odamga o‘xshab kiyinasan!”

Oradan bir necha yil o‘tgach O‘zbekistondagi vaziyat tadbirkor qizni ko‘p jihatdan qoniqtirmay qoldi va 2006 yili cho‘ntagidagi 400 $ bilan Moskvaga yo‘l oldi, bu yerda Human Wear’ning Moskvadagi filiali — O‘zbekiston hunarmandlarining tovarlari sotiladigan mo‘'jaz magazin-atelye ochdi.

Ikki yildan so‘ng Lola magazinni yopishga qaror qildi — o‘g‘li tug‘ilgandan keyin oila va biznesni birga olib borish oson emasdi. O‘g‘li ulg‘aygach, u hamkorlarni topdi va “Sharqona bozor”, “Sharq formulasi”, “Palov sammiti” ko‘rgazma va festivallarini tashkil etishga kirishdi. Tadbirlar ommaviy bo‘lib, ularga 30 mingga qadar kishilar tashrif buyurardi, biroq ular ham farzandi tarbiyasi uchun deyarli vaqt qoldirmasdi.

O‘shanda Lola dugonasining uning qurilish materiallari yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan kompaniyasida rivojlanish bo‘yicha direktor bo‘lish haqidagi taklifini qabul qildi, shu bilan birga turistik kompaniyani rivojlantirdi va rieltorlik bilan shug‘ullandi.

Biznesga u 2013 yili qaytdi — Moskvada hozirga qadar faoliyat olib borayotgan Human Business konsalting agentligini ochdi. Bir yil avval Lola yana Toshkentga qaytib keldi, magazin ishini rivojlantirish bilan jiddiy shug‘ullandi va sekin-asta uni galereyaga aylantirdi — bu yerda ko‘rgazmalar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaza boshlashdi. O‘shanda uning nomi Human Housega aylangandi.

Lola Sayfi Spot’ga muvaffaqiyatsizliklar qanday qilib rivolanishga rag‘batlantirishi, qariyb ikki o‘n yillik davomida bozorda qolishga yordam bergani va biznes nega hamisha ijod ekani haqida hikoya qildi.

01

Biznesni qo‘lingizda bor bo‘lgan pul bilan boshlang

Biz o‘z loyihalarimizni uncha ko‘p bo‘lmagan pul bilan boshlagandik, yirik investorlarimiz yo‘q edi. Men tabiiy o‘sishni juda yaxshi, deb hisoblayman. Tashqaridagi investitsiyalarga qarshiligim yo‘q, biroq tadbirkor investor bilan ishlash uchun moliyaviy savodxon bo‘lishi lozim, shuning uchun qo‘lingda bo‘lgan o‘z puling bilan ish boshlaganing durust.

02

Hamma odamlarni o‘z potensial mijozingiz deb o‘ylamaganingiz ma’qul

Biz endi ish boshlagan paytda rivojlanish bo‘yicha maslahat fondidan kelib, bizning yo‘naltirilgan auditoriyamiz kimlardan iborat ekanini so‘rashdi. Biz ular 25 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan erkak va ayollar ekanini aytdik. Ular bizga bu maqsadli auditoriya uchun juda keng toifa ekanini aytishdi, biz esa buni tushuna olmadik.

Endi o‘zim mendan saboq olayotganlarga shuni tushuntiraman: bu qadar umumiy maqsadli auditoriya bo‘lishi mumkin emas, negaki, har bir segmentning o‘z manfaatlari bor. Bizda masalan bu to‘rt segment bo‘lsa, ularning barchasi turlicha: xorijiy sayyohlar, uy bezaklarining qiziqarli predmetlari yoki liboslarni xarid qilishni xohlovchi ekspatlar, tabiiy matolardan milliy liboslarni va uylarini bezatishni afzal ko‘ruvchi o‘zbekistonliklar, shuningdek, O‘zbekistondan allaqachon chiqib ketgan, biroq mamlakatimiz madaniyatini yodda tutuvchi va yaxshi ko‘ruvchi vatandoshlardan iborat.

03

Biznesga ijod kabi yondashing

Tadbirkor — juda ijodkor shaxs, u har doim o‘zining va iste’molchilar muammolarining yechimini izlaydi. Ijod — bu nafis san’at bo‘lishi shart emas, har qanday g‘oyaga ijodiy yondashish mumkin. Hamma biznesmenlar, ayniqsa, juda yaxshi natijalarga erishgan tadbirkorlar ko‘p ishlaydilar, doimiy ravishda yangi ma’lumot qidiradilar, tez qaror qabul qiladilar. Ular tavakkal qilishdan cho‘chimaydilar va ulargacha hech kimning xayoliga kelmagan nimanidir o‘ylab topadilar.

Ammo O‘zbekistonda unchalik sog‘lom bo‘lmagan trend mavjud — kimningdir g‘oyasini o‘g‘irlab, uni o‘ziniki sifatida amalga oshirish. Amalga oshirganda ham yomon ishlash. Oxir-oqibat o‘zing ham yaxshi pul ishlay olmaysan, chunki g‘oya boshqaniki, buning ustiga g‘oyasini o‘g‘irlagan kishining biznesini ham barbod qilasan. Agar har bir tadbirkor o‘z ishini boshlarkan, mustaqil ravishda fikrlab, o‘ziga ishonsa, uning biznesi daromadli bo‘ladi.

04

Mijozni shunchaki hurmat qilish emas, balki sevish kerak

Moskvada Yaponiyaning Uniqlo (liboslar sotuvchi chakana tarmoq) kompaniyasi faoliyat olib boradi va uning xodimlari hamisha haridorlarga juda sidqidildan tabassum qiladilar. Men ulardan hamisha so‘rayman: “Doim tabassum qilib turishingiz uchun sizlarni qanday mashq qildirishadi?” Konsalting-agentlikda men ko‘pincha xodimlar bilan tabassum qilish bo‘yicha trening o‘tkazaman, chunki bu juda muhim.

O‘zbekistonda ham bunga e’tibor qaratadigan kompaniyalar borgan sari ko‘payayotgani kishini quvontiradi — korzinka.uz supermarketlarida, masalan, juda xushmuomala xodimlar ishlashadi. Human House’da biz ham shunday muhit yaratishga harakat qilamiz, zero, odamlarga tabassum qilish oson va yengil bo‘lsin. Men boshidan samimiy xodimlarni qidiraman, shuning uchun ularni kulib turishga majburlashning hojati yo‘q, ular tabiiy ravishda tabassum qiladilar.

Mijozga samimiy munosabatda bo‘lish va uning muammosini yechishga sidqidildan tayyor turish, barcha savollarga javob berish — asosiy jihat hisoblanadi. Xizmat ko‘rsatish yuqori darajada bo‘lishi uchun o‘z mijozingni yaxshi ko‘rishing, u haqda g‘amxo‘rlik qilish, uning qiziqishlarini yodda tutishing lozim. Ayni shu bizga bozorda 19 yildan beri sobit turishimizga yordam beradi.

05

Xodimlarga qalbingizni oching…

Haqiqiy biznes — bu mijozga va xodimga ochiq ko‘ngil bilan munosabatda bo‘lish. Xodimlarga quldek qarash yaramaydi, ular bilan yaxshi insoniy munosabat quring va bu ming marta yaxshilik bilan qaytadi — ular ham sizga huddi shunday munosabatda bo‘ladi. Agar siz o‘qib-o‘rganishlariga imkon bersangiz, ishlash ko‘ngilli bo‘lgan muhit yaratsangiz, kompaniya tartibi doirasida o‘sish imkoniyati, erkinlik bersangiz, xodimlaringiz ham sizga va mijozlarga yaxshi munosabatda bo‘ladilar.

06

…biroq kerakli vaqtda qattiqqo‘l bo‘lishni ham o‘rganing

Dastlabki yillarda galereyada sotuv hajmini uncha kuzatganimiz yo‘q, tovarlar hisobi ham yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan edi. Birdan men katta moliyaviy kamomadni aniqladim: sotuvchilar tovarni kassadan chetlab sotib, pulini o‘z cho‘ntaklariga solishar ekan. Bu mening uchun kutilmagan voqea bo‘ldi, biz ular bilan iliq do‘stona munosabatda edik, men bu odamlar mening mulkimni talon-taroj qilishlariga ishongim kelmasdi.

Bu mening xamyonimga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan saboq bo‘ldi va men hisob-kitob o‘ta aniq bo‘lishi lozimligini bir umrga o‘zlashtirdim. Siz o‘z xodimlaringizni nechog‘lik yaxshi, deb hisoblasangiz ham, qat’iy va qattiqqo‘l bo‘lishni ham bilish zarur, chunki, tadbirkorning asosiy maqsadi biznesni daromadli qilish hisoblanadi. Bunday holatlarda xom xayollarga berilish emas, balki haqiqatning ko‘ziga tik qarash lozim, negaki, biznes — bu sizning farzandingiz, axir siz o‘z bolangizning muvaffaqiyati borasida tavakkal qilmaysiz-ku?

07

O‘z ustingizda ishlash uchun kuch toping

Men, san’at kishisi, qurilish materiallari yetkazib beruvchi kompaniyaning rivojlanish bo‘yicha direktori lavozimida ishlaganimda, biznes tizimi umuman, har qanday sohada bir xil shakllanganini ko‘rdim. Men uchun bu kashfiyot bo‘ldi — odamlar nega menga ko‘pincha turli maslahatlar uchun murojaat qilishlarini angladim va biznes-konsaltingni o‘rganishga kirishdim.

Konsalting bilan shug‘ullanib, ko‘p marta tadbirkor qandaydir biznes-jarayon va vazifalar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamasligiga to‘qnash keldim. Va eng katta muammo shundaki, odamlar o‘z xatolarini hamkorlari, mijozlari, yana boshqa kimlargadir ag‘darishga moyildirlar, faqat o‘zlarining ayblari va dangasaliklarini tan olmaydilar.

Men bunday odamlarda o‘z “men"i va atrofidagi dunyo o‘rtasidagi aniq chegaralarni anglash yetishmaydi deb hisoblayman. Avval o‘zing kimligingni bil, o‘zingni tuzat, keyin boshqalardan nimanidir talab qil. Agar sen o‘z ustingda ishlasang, o‘zingga huddi shunday odamlarni tortasan va atrofingda tegishli auditoriya vujudga keladi.

Tadbirkor o‘sishga, o‘zgarishga, qiyinchiliklarni bartaraf etishga tayyor bo‘lishi lozim, faqat shundagina natija bo‘ladi. Biroq bu muvaffaqiyatga erishgach, xotirjamlikka berilish mumkin, degani emas — kelasi tongda hammasi yangidan boshlanadi.

08

Ivent-marketing — bu ham ilgarilash, ham ish haqi

Marketingda doimiy ravishda yangi yechimlar va instrumentlarni izlash zarur. Ularni sinovdan o‘tkazish va pishitish, nima samara berishini, nima bermasligini ko‘rish lozim. Men siljishni reklama orqali emas, balki tadbirlar yordamida sinovdan o‘tkazishni istadim. Reklamani biz atigi ikki marta: ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlash uchun Lady Queen va ZOOM jurnallarida berganmiz xolos. Olg‘a siljishni esa rassomlar va dizaynerlar bilan pulli va bepul mahorat darslari orqali amalga oshiramiz — bu ham piar, ham ish haqi. Tadbirlar to‘g‘risida biz hamkorlarimiz resurslarida, masalan Aydatuda.uz yoki Afisha.uz.da hikoya qilamiz.

09

Muvaffaqiyatsizliklar sizni oyoqdan olishi mumkin. Ulardan o‘sish uchun rag‘bat sifatida foydalaning

Tub burilish ikki yil avval yuz berdi. Magazindagi ishlar yaxshi ham, yomon ham emas, o‘rtamiyona borardi. Bu vaqtda men Moskvada 11 yil yashagan, Toshkentdagi hamkorim esa nuqul savdo va daromad yo‘qligidan nolirdi. Men moliyaviy hisobotlarni olmadim hamda hunarmandlar va dizaynerlarga o‘z buyumlarini sotish uchun imkoniyat berishning o‘zi yutuq, deb o‘yladim.

O‘g‘lim bilan yana bir marta Toshkentga, ta’tilga kelganimda, ko‘tarilish bo‘layotganini, mamlakatda ahvol va biznes-muhit o‘zgarganini, nihoyat gullab-yashnash va yangi hayotga umid paydo bo‘lganini ko‘rdim. Men drayvni his qildim va hozir Rossiyaga qaraganda O‘zbekistonda yashash qiziqroq, qaytish kerak, deb o‘yladim.

Galereya ishlarini ko‘zdan kechirib, hamkorim meni aldaganini tushundim — savdo-sotiq juda muvaffaqiyat bilan borardi. Ma’lum bo‘lishicha, u bino ijarasi shartnomasi uning nomiga rasmiylashtirilgani uchun biznes o‘ziga tegishli, degan qarorga kelgan. Aslida men uni loyihaga taklif etgandim va o‘rtamizda tenglikka asoslangan shartnoma tuzilgan edi, biroq u jentlmenlik bitimi shaklida bo‘lib, qog‘ozda hech nima yozilmagan edi.

Biz yoqimsiz bir holatda, janjal bilan ajrashdik va avvaliga bu sotqinlik menga juda yomon ta’sir qildi, biroq o‘zimni qo‘lga oldim va bu tushkunlikdan motivatsiya manbai sifatida foydalandim — kengayishning yangi usullarini izlay boshladim. Shuning uchun hozir men xatto sobiq hamkorimdan minnatdorman — mijozlarim oqimi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar turi bir necha karra o‘sdi. Endi Human House — magazin yoki galereyadan ko‘ra ancha katta, biz madaniy markaz bo‘ldik, dizayner va hunarmandlarning ulkan miqdorini tashkil etamiz.