Avgust oyida O‘zbekistonda bir nechta yangiliklar joriy etiladi. Ular qatoridan ish haqi va pensiyalar miqdori, mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligi oshirilishi, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga imtiyozlar, majburiy markirovkalash jarayonining boshlanishi kabilar o’rin olgan.

Yer solig’i to’lovchilari ixtiyoriy ravishda QQS to‘lashga o‘tishi mumkin

1 avgustdan boshlab yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin.

Ish haqi va pensiyalar miqdori oshiriladi

1 avgustdan byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi. O‘zbekiston hududida eng kam:

  • ish haqi — oyiga 223 000 so‘m;
  • yoshga doir pensiyalar — oyiga 436 150 so‘mni tashkil etadi.

Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligi oshiriladi

1 avgustdan boshlab mikroqarzning eng yuqori miqdori 50 mln so‘mgacha, mikrokredit miqdori — 300 mln so‘mgacha va mikrolizing miqdori — 600 mln so‘mgacha oshiriladi. Shuningdek, banklar va boshqa kredit tashkilotlari jismoniy shaxslarga onlayn-kreditlar (mikroqarzlar) berish huquqiga ega bo’ladi. Batafsil bu yerda.

Bir qator texnologik jixozlar importiga imtiyozlar bekor qilinadi

O‘zbekiston hududiga olib kirilayotgan texnologik asbob-uskunalar, shuningdek butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, agar ularni yetkazib berish bitta kontrakt shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, bojxona boji va QQSdan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozlar faqat ro‘yxatda qayd etilgan jihozlarga nisbatan qo‘llanilar edi, 4 avgustdan bir qator texnologik jixozlarga nisbatan bojxona imtiyozlari qo‘llanmaydi.

Siqilgan gaz aksiz solig‘i stavkasi oshiriladi

Prezident farmoniga binoan 15 avgustdan siqilgan gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i stavkasi 20%ga oshiriladi.

Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga imtiyozlar

1 avgustdan davlat-xususiy sheriklik shartlarida olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan byudjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni ta’minlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga, mobil aloqa operatorlaridan tashqari, 10 yil davomida bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

Tovarlar majburiy markirovkalanadi

Prezident qaroriga binoan 1 avgustdan boshlab, tovarlar toifasidan kelib chiqib, import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan tovarlarni himoyalangan belgi va (yoki) nano-molekulyar texnologiyadan foydalangan holda majburiy markirovkalash bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Davlat xizmatlaridan foydalanish soddalashtiriladi

1 avgustdan boshlab davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnomalar, to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma’lumotnomalar talab qilinishi taqiqlanadi.