Prezidentning “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni e’lon qilindi.

Farmonga koʻra, onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega boʻlgan maʼlumotlar almashinuvi platformasi — virtual kassalar onlayn nazorat kassa mashinalari qatorida joriy etiladi.

Virtual kassalar aholi bilan naqd pulda va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimda uzatib beradi.

Tadbirkorlar onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga oʻtganda:

  • ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi boʻyicha kunlik hisobotni chiqarib olish majburiyatlari bekor qilinadi;
  • kunlik oʻrtacha naqd pul tushumi miqdoridan qatʼi nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali oʻzlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega;
  • ularga hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki yagona soliq toʻlovi yoxud qatʼiy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021-yil 1-yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatga qoʻyish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, oʻrnatish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi;
  • virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) ularga Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan bepul beriladi.