Oktyabr oyida O‘zbekistonda bir nechta qoidalar kuchga kiradi. Ular orasida QQS stavkasining pasaytirilishi, avtomobillarga aksiz solig‘i bekor qilinishi, alkogolli va tamaki mahsulotlarining aksiz solig‘i stavkasi oshirilishi, hamda kafe va restoranlarning tungi vaqtda ham ishlay boshlashi kabilar o‘rin olgan.

QQS stavkasi 15 foizga tushiriladi

Prezident farmoniga binoan 1 oktyabrdan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20%dan 15%ga tushiriladi.

Yer uchastkalari faqat E-ijro auksion orqali sotiladi

1 oktyabrdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari faqat E-ijro auksion orqali taqdim etiladi (Prezident va Hukumat qarorlariga ko‘ra yer uchastkalari berilishi bundan mustasno).

Avtomobillarga aksiz solig‘i bekor qilinadi

1 oktyabrdan keyin tuziladigan shartnomalar bo‘yicha UzAuto Motors AJ tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga aksiz solig‘i bekor qilinadi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanadi.

Hisobvaraq-fakturalar majburiy joriy etiladi

15 oktyabrdan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalarni majburiy tartibda rasmiylashtirishni joriy etish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi.

Kafe va restoranlar tunda ham ishlaydi

15 oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar obyektlarga bir qator talablar bajarilganda tunu kun faoliyat yuritishga ruhsat beriladi.

Alkogolli va tamaki mahsulotlarining aksiz solig‘i stavkasi oshiriladi

1 oktyabrdan alkogolli mahsulotning aksiz solig‘i stavkasi o‘rta hisobda 10%ga, tamaki mahsulotining aksiz solig‘i stavkasi 20%ga oshiriladi.

Yaqin qarindoshlar o‘rtasida avtoishonchnoma bekor qilinadi

Prezident farmoniga binoan 1 oktyabrdan boshlab yaqin qarindoshlar o‘rtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnoma bekor qilinadi.