Prezident farmoniga binoan 2019 yil 1 oktyabrdan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari faqat E-ijro auksion orqali taqdim etiladi (Prezident va Hukumat qarorlariga ko‘ra yer uchastkalari berilishi bundan mustasno).

Jismoniy va yuridik shaxslarga Yerelektron avtomatlashtirilgan axborot tizimida yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi ma’lumotlarini joylashtirish bo‘yicha takliflar kiritish huquqi beriladi.

Shuningdek, farmon bilan 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlarini, shu jumladan, ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, kontsert-tomosha ko‘rsatish muassasalari va kinolashtirish obyektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini xo‘jalik faoliyatiga jalb qilish va sotish tartibi joriy etiladi.

Tadbirkorlik va shaharsozlik uchun taklif qilinadigan yer uchastkalarining joylashuvi to‘g‘risidagi axborotlar Ochiq ma’lumotlar portalida va “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi.