Prezident farmoniga binoan 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab yaqin qarindoshlar o‘rtasida notarial tasdiqlangan avtoishonchnoma bekor qilinadi.

Mol-mulklar bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlashda ham bir qator talablar bekor qilinadi.

Xususan, 2020 yilning 1 yanvaridan e’tiboran qurilishi tugallanmagan uy-joylarni sotishda hokimliklarning ruxsati, vasiylikdagi shaxs nomidan turar joyni ijaraga berishda vasiylik va homiylik organining roziligi talab etilmaydi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab korxonani ijaraga, tekin foydalanishga berish, birlamchi bozorda mol-mulkni lizingga berish va garov (ipoteka) shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, farmon bilan 2020 yil 1 yanvardan xususiy notarial idoralar tashkil etiladi. Bu o‘zgarish aholining notarial idorada navbat kutib qolishi va idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olishi kutilmoqda.

Ilgari Spot O‘zbekistonda eksperimental notarial idoralar tashkil etilishi va ularda bitimlarni tasdiqlash, ijro xatlarini yozish, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga to‘g‘ri tarjima qilinganligini shahodatlash elektron raqamli imzodan foydalangan holda rasmiylashtirilishi haqida xabar bergan edi.