Vazirlar Mahkamasining 2018 yil avgust oyidagi qaroriga binoan Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt gacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi uchun xususiy investitsiyalarni jalb etish tajriba loyihasini amalga oshirilishi belgilangan edi.

Qarorga binoan joriy yilda tender o‘tkazish va tender takliflarini ochish, hamda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihani amalga oshirish to‘g‘risida hukumat qarorini qabul qilish va investor bilan bitim imzolash rejalashtirilgan.

Tanlovda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Janubiy Afrika, Rossiya, Ispaniya, Norvegiya va Fransiyadan 23 kompaniya ishtirok etdi, shundan 11 kompaniya belgilangan tanlovdan o’tdi.

Shu bilan birga, 5 ta kompaniya tender bo’yicha tijorat takliflarini taqdim etdi: Acwa Power (Saudiya Arabistoni), Jinko Power va Aljoimah Energy & Water Consortium (Xitoy/Saudiya Arabistoni), Masdar (BAA), TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd (Xitoy), hamda Total Eren (Fransiya).

Da’vogarlarning texnik va tijorat takliflarini o‘rganish va baholash natijalariga ko‘ra, tender komissiyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1 kVt / soat uchun 2.679 sent va qurilish muddatini 12 oy deb belgilagan Masdar (BAA) xalqaro tender kompaniyasini g‘olib deb e’lon qildi.

Qolgan 4 kompaniya 1 kVt.s uchun — 2,98 sent, 3,586 sent, 3,702 sent, 4,273 sent taklif qilgan.

Ilgari Spot Masdar kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda G2G (government to goverment) asosida umumiy qiymati 500 Mvtli shamol elektr stansiyasini barpo etish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.

Masdar — 2006 yil tashkil etilgan bo‘lib, kompaniya quyosh (fotoelektrik va konsentratsion) va shamol energetikasi loyihalarini ishlab chiqishda qatnashadi.