Yevropa tiklanish va taraqiyot banki bilan DXSH asosida quvvati 1000 MVt bo‘lgan elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi huzuridagi Davlat va xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligining 2019 yil 1-yarim yilligida amalga oshirgan ishlari va kelgusidagi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Agentlik qiymati 10 mlrd $dan ko‘p bo‘lgan 17 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qildi. Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida 100 mln $dan ortiqroq qiymatda 2 ta yirik loyiha — 100 MVt quvvatli fotoelektrik quyosh stansiyasini qurish va gemodializ xizmatlarini ko‘rsatuvchi markazlarni yaratish loyihasi tenderining yakuniy bosqichiga kelindi, — dedi Davlat va xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori G’olib Xoljigitov.

Uning so’zlariga ko’ra mazkur loyihalarning tender jarayonlarida qatnashish uchun 50dan ortiq yirik xorij investorlari qiziqish bildirgan.

Shunindek, energetika sohasida Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida DXSH asosida quriladigan quyosh fotoelektr stansiyalar quvvatini 2000 MVtga yetkazish va 2030 yilga borib umumiy quvvatini 5000 MVtga yetkazish ko’zda tutilmoqda.

BAAning “MASDAR” kompaniyasi bilan hamkorlikda G2G (government to goverment) asosida umumiy qiymati 500 Mvtli shamol elektr stansiyasini barpo etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bug‘-gaz qurilmalarini o‘rnatish, xalqaro aeroportlarni modernizatsiyalash, Toshkent-Andijon hamda Toshkent-Samarqand avtomobil yo‘lini qurish, sog‘liqni saqlash tizimida sterilizatsiya, reabilitatsiya, onkologiya markazlari, ijtimoiy dorixona, markaziy laboratoriyalar barpo etish, qishloq va suv xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik va boshqa sohalarda ham bir qator DXSH loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.