17-sentabrdagi hukumat qarori bilan pedagoglarning davlat OTMlarida tahsil olayotgan farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibi tasdiqlandi.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarining kunduzgi bakalavriatida o‘qiyotgan pedagoglar farzandlariga kontrakt summasining 30% i miqdorida chegirma beriladi.

Chegirma davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichida kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlariga nisbatan qo‘llaniladi.

Chegirma quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotlarida;
  • O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallarida;
  • qo‘shimcha va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida;
  • xorijiy hamkor OTMlarning qo‘shma ta’lim dasturlari va fakultetlarida;
  • nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotganlarga.

Agar pedagogning bir nechta farzandi davlat OTMlarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lsa, 30% lik chegirma har bir farzand uchun alohida qo‘llaniladi.

Chegirmadan foydalanish uchun pedagogning farzandi kontrakt.edu.uz tizimi orqali ariza yuboradi.

Arizani ko‘rib chiqish jarayonida ariza beruvchining pedagog farzandi ekani “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali tasdiqlanadi. Shundan so‘ng chegirma avtomatik tarzda qo‘llaniladi.

Arizalar mas’ul tashkilot tomonidan 2 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. Mazkur chegirma pedagoglarning farzandlariga bir o‘quv yili uchun bir marotaba qo‘llaniladi.

Agar pedagogning otasi yoki onasi pedagog toifasidan chiqarilsa, uning farzandiga chegirma qo‘llash keyingi o‘quv yilidan boshlab to‘xtatiladi.


Avvalroq Spot 15 yillik stajga ega tibbiyot xodimlariga ipoteka krediti uchun subsidiya berilishi haqida yozgandi.