12-iyun kuni qabul qilingan hukumat qarori (310-son) bilan davlat shifoxonalarida 15 yil stajga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka subsidiyasini ajratish tartibi tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, bunday xodimlarga ikki turdagi moliyaviy yordam ajratiladi:
- ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning boshlang‘ich badalining 25%i qoplanadi;
- farzandlarining davlat OTMlari bakalavriat bosqichida o‘qishi uchun yillik kontrakt to‘lovining 30%i, ammo BHMning 15 baravaridan (6,10 mln so‘m) ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplab beriladi.
Ipoteka subsidiyasini olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali topshiriladi. Ariza berishda faqat JSHSHIR, telefon raqami va elektron pochta manzili kiritiladi, qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.
Arizalar avtomatik tarzda tekshiriladi. Tizim arizachining davlat tibbiyot muassasasida ishlashi, 15 yillik staji, boshqa uy-joy subsidiyasiga ega emasligi hamda ipoteka dasturlaridan foydalanmaganini tekshiradi. Talablarga mos kelmagan arizalar avtomatik rad etiladi.
Har chorak yakunida talablarga javob bergan arizachilar o‘rtasida onlayn tanlov o‘tkaziladi. G‘oliblar random.org platformasi orqali tasodifiy tanlanadi.
Har chorakda 125 nafar xodim subsidiya oladi. Agar talabgorlar soni 125 nafardan kam bo‘lsa, mezonlarga mos kelgan barcha nomzodlar g‘olib deb topiladi. Tanlov jarayoni Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida jonli efirda namoyish etiladi.
G‘olib bo‘lgan fuqaro ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududidan qat’i nazar, istalgan hududidagi birlamchi uy-joy bozoridan uylarni ipotekaga sotib olishi mumkin. Xabarnoma olganlar uy-joy olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi.
Boshlang‘ich badalning 25%i Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi, qolgan qismi esa fuqaroning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Subsidiya naqd pul ko‘rinishida berilmaydi — to‘g‘ridan to‘g‘ri ipoteka krediti rasmiylashtirilgan bank hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Subsidiya bir oilaga (er yoki xotindan biriga) faqat bir marta beriladi. Imtiyozdan foydalangan shaxs keyinchalik ushbu dastur doirasida yana murojaat qila olmaydi.
Mazkur subsidiyalarni moliyalashtirish uchun jamg‘armaga har yili 100 mlrd so‘m ajratiladi. Zaruratga qarab ushbu mablag‘lar qo‘shimcha indeksatsiya qilinishi ham nazarda tutilgan.
Joriy yilning mart oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 1-iyuldan Maqsadli ipoteka omonati mexanizmi joriy etilgani haqida yozgan edi. Tajriba-sinov tarzida ishga tushgan mexanizm 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.