O‘zbekistonda Maqsadli ipoteka omonati mexanizmi joriy etildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikninig Markaziy bank bilan birga ishlab chiqqan nizomiga muvofiq, ushbu amaliyot joriy yilning 1-iyulidan 31-dekabrigacha tajriba-sinov asosida amalga oshiriladi.

Yangi mexanizm doirasida ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya olish yuzasidan ijobiy xabarnomaga ega fuqarolar ixtiyoriy ravishda bankda ipoteka omonati ochishi mumkin bo‘ladi.

Ularni xabarnomaning amal qilish muddati davomida ochish mumkin, 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddat davomida esa fuqarolar omonat orqali dastlabki badal uchun zarur bo‘lgan o‘z ulushini jamg‘aradi.

Davlat boshlang‘ich to‘lovning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan subsidiyalarni banklar buyurtmanomasiga asosan oldindan ushbu omonatga o‘tkazadi. Bank omonatdagi mablag‘larga bozor stavkasida foiz hisoblaydi. Natijada jamg‘arilgan barcha mablag‘lar foiz to‘lovlari bilan birgalikda ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalni shakllantirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, amaldagi tartib saqlanib qoladi. Ya’ni ipoteka krediti ajratilgandan so‘ng dastlabki besh yil davomida foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori qismi davlat tomonidan subsidiya qilinadi.

Vazirlikka ko‘ra, yangi mexanizm aholiga uy-joy xarid qilish uchun mablag‘ni oldindan rejalashtirib jamg‘arish imkonini yaratish, dastlabki badalni to‘lashni yengillashtirish hamda davlat tomonidan beriladigan uy-joy subsidiyalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Fevral oyida qabul qilingan prezident farmoniga (PF-29-son) ko‘ra, joriy yilning iyul oyigacha jamg‘armani tashkil etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish hamda vazirlik va idoralar bilan kelishish topshirilgan edi.

May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov O‘zbekistonda ipoteka omonatini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan edi.

Spot, avvalroq, Toshkentning uchta tumanida uy-joy renovatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga kirishilgani haqida yozgandi.