Lamborghini kompaniyasi oʻzining veb-saytida yangi strategiya haqida eʼlon qildi. Unga koʻra kompaniya gibrid va elektromobil transport vositalarini ishlab chiqarishga oʻtadi.

“Tubdan oʻzgarib borayotgan dunyo sharoitida Lamborghini-ni elektrlashtirish rejasi — zarur boʻlgan yangi yoʻnalishdir. Biz aniq loyihalar orqali atrof-muhitga taʼsirni kamaytirishni davom ettirmoqchimiz”, — dedi kompaniya bosh direktor Stefan Vinkelmann.

Taʼkidlanishicha, rejani amalga oshirish uch bosqichga boʻlingan. Birinchisida (2021−2022) kompaniya ichki yonish dvigatellari boʻlgan transport vositalarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Lamborghini bu yil 12 silindrli dvigatelli ikkita modelni taqdim etadi.

Keyingi bosqichda gibrid mashinalar ishlab chiqariladi, 2023-yilda kompaniya birinchi gibrid avtomobilini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Toʻliq gibridlashuv 2024-yil oxiriga qadar amalga oshiriladi.

Xabarda aytilishicha, kompaniyaning ushbu bosqichdagi ichki maqsadi 2025-yil boshiвa karbonat angidrid chiqindilarini 50% ga kamaytirishdir. Toʻrt yil ichida kompaniya gibrid modellarga oʻtish uchun €1,5 milliard ajratishni rejalashtirmoqda. Oʻn yillikning yakuniy qadami — toʻliq elektr energiyali Lamborghini-ni ishga tushirish boʻladi.