Qozogʻistonda Google Pay toʻlov xizmati ish boshladi, deya yozmoqda Forbes Kazakhstan.

7-dekabrdan boshlab Qozogʻistondagi Android foydalanuvchilari Google Pay orqali oflayn va onlayn xarid qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Kontaktsiz toʻlov tizimi Visa va Mastercard bilan ishlamoqda.

Hamkorlar 10 ta bank hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda 200 000 dan ortiq savdo nuqtalari kontaktsiz toʻlov terminaliga ega.

“Qozogʻistonlik foydalanuvchilar bir marta oʻzlarining Visa yoki hamkor banklarning Mastercard kartalarini Google Pay-ga bogʻlashlari mumkin, soʻngra undan dunyoning millionlab joylarida, jumladan, sevimli ilovalari va veb-saytlarida ham xaridlarni amalga oshirishlari mumkin”, kompaniya vakili.

Qozogʻistonda Apple Pay 2018-yilning noyabr oyida ishga tushirilgan edi.

Oʻzbekistonda ham Apple Pay, Samsung Pay va boshqa kontaktsiz toʻlov xizmatlarini joriy etish uchun shart-sharoit yaratish rejalashtirilgandi. Tasdiqlangan muddatga koʻra, bularning barchasi 2020-yilda paydo boʻlishi kerak edi.

Ammo Oʻzbekistonda bu tizimlar hamon ishlamayapti, biroq oʻtgan yilning noyabr oyida ishga tushirilgan mahalliy HUMO Pay xizmati bu yoʻnalishni rivojlantirmoqda.