“Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida” gi 101-son farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish orqali kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni taʼminlash, tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlar yaratish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, farmonda “tartibga soluvchi gilotina” usulini manzilli qo‘llash orqali imtiyozlar, eksklyuziv huquq va ustunliklarni bekor qilish belgilanmoqda.
2022-yil 1-maydan boshlab :
- norezident jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan oladigan daromadlari (dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlardan tashqari) bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasini 12 foiz miqdorida belgilash yuzasidan Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. (Bugungi kunda Soliq kodeksiga muvofiq ushbu stavka 20 foizni tashkil etadi).
Tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq cheklangan subyektlarga tatbiq etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari tarmoqlardagi barcha subyektlar uchun tatbiq etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha 2020-yil 1-iyulga qadar maʼqullangan va O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan olinadigan tovarlar bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinadi.
Shuningdek, farmon bilan 2022-yil 1-iyuldan ayrim soliq (QQS, AOS, JSHODS, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslar mol-mulk va yer solig‘i, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq,aksiz solig‘i, ijtimoiy soliq) va bojxona imtiyozlari bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Davlat soliq xizmati organlariga xo‘jalik jamiyatlarida davlat ulushi bo‘yicha dividendlar miqdorini belgilashda moliyaviy natijaning to‘g‘ri shakllantirilishi ustidan nazorat qilish vazifasi yuklatildi.