Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyotining 2023−2024 yillarga oid prognozini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti har ikki yilda ham 5%ga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Xatarlar Rossiyaga qarshi davom etayotgan sanksiyalar va ularning O‘zbekiston eksportiga bo‘lgan tashqi talabga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha qolmoqda.

“O‘zbekiston iqtisodiyotni tez tiklash va rivojlantirish bo‘yicha dadil hamda ishonchli qadamlar tashladi. 2021-yilda pandemiyadan so‘ng o‘sish sekinlashgan bo‘lsa-da, u barqarorlikni ko‘rsatdi va kuchli bo‘lib qoldi”, — dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori vazifasini bajaruvchi Enriko Pinali.

Xususan, sanoat 2023 va 2024-yillarda 5,5%ga o‘sishi kutilmoqda.

To‘qimachilik, oziq-ovqat, tog‘-kon sanoatida uglevodorodlarga bo‘lgan talabning o‘sishi va tashqi, asosan, Rossiyadan kiyim-kechak va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlariga kuchli talabga javoban kamtarona tiklanish kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, oziq-ovqat va uy-joy, omborxona va transport xizmatlariga talab pasayganligi sababli xizmatlarning o‘sishi har ikki yilda 5,5% gacha kamayishi, xususiy iste’mol va investitsiyalarning o‘sishi mo‘tadil bo‘lishi kutilmoqda.

Kutilmalar qatorida inflyatsiya bosimining davom etishi ham bor. Bu qisman amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar va ijtimoiy xarajatlarning ortishi bilan bog‘liq.

Biroq, pul-kredit siyosati qattiqligicha qolayotganligi sababli o‘rtacha inflyatsiya 2023-yilda 11%ga, 2024-yilda esa 10%ga tushishi kutilmoqda.

Oziq-ovqat inflyatsiyasini jilovlash uchun hukumat iste’mol qilinadigan yog‘lar, parranda go‘shti, bug‘doy, un va guruchga import bojidan ozod qilishni yil oxirigacha uzaytirdi.

Ijtimoiy himoya, ta’lim va sog‘liqni saqlashga kutilayotgan yuqori xarajatlar budjet taqchilligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Oltin zaxiralarining ko‘payishi hisobiga 2023 va 2024-yillarda yalpi valyuta zaxiralari $37 mlrd.gacha oshishi kutilmoqda. Har ikki yilda keng pul mablag‘lari 25% ga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, aholi soni yiliga 2%ga o‘sayotgan O‘zbekistonda ko‘proq umumta’lim maktablari va yaxshi ta’lim zarur.

O‘rta ta’lim, kasb-hunar maktablari 2022-yilda ta’limga davlat xarajatlarining qariyb 72,3%ini o‘zlashtirdi.

Maktabga qabul qilishni yana 1,2 mln o‘quvchiga oshirish uchun hukumat taxminan 1961 ta maktab qurishi yoki ikki smenali darslarga ruxsat berish uchun o‘quv kunini qisqartirishi kerak.

Hisobotda o‘rta ta’lim sifati tashvishga solayotgani qayd etilgan. O‘zbekiston o‘rta maktab ta’limi sifatini qiyosiy baholash uchun hali ham xalqaro talabalarni baholash dasturini o‘tkazishi kerak.

Mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish uchun ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali ishchi kuchiga ehtiyoj borligi ta’kidlanmoqda.

Avvalroq Markaziy bank asosiy stavkani 1% bandga pasaytirib, yillik 15%dan 14% darajasida belgilagandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, asosiy stavkaning 1% bandga tushirilishi natijasida iqtisodiy ko‘rsatkichlar va kredit hajmi o‘sadi.