2023-yilning birinchi choragida xorijdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi $3 mlrd.ni tashkil etgan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

Qayd etilishicha, pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19%ga o‘sgan.

Mamlakatga amalga oshirilgan o‘tkazmalarning tahminan 82%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy bank raisi pul o‘tkazmalari hajmida yil yakunigacha kutilmalarda yilning qolgan qismida kamayishlar kutilayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq 2022-yilda xorijdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi $17 mlrd.ni tashkil etgani haqida xabar bergandi.

2021-yilda xalqaro pul oʻtkazmalari orqali mamlakatga $8,1 mlrd miqdorida valyuta mablagʻlari kelib tushgandi.

O‘tgan yilda mamlakatga amalga oshirilgan o‘tkazmalarning 85%i ya’ni $14,5 mlrdi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Natijada bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 2,6 baravar oshgan.

Shuningdek, O‘zbekistondan boshqa mamlakatlarga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi $2,1 mlrd.ni tashkil etib, 2021-yilga nisbatan 29%ga o‘sgan.

O‘zbekistonliklar asosan Turkiya, Xitoy, AQSh hamda Hindiston kabi mamlakatlarga pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan. Regulyator raisining qayd etishicha, bu mamalakatlar qatorida deyarli o‘zgarish yo‘q.

2022-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga $1,47 mlrd.lik pul o‘tkazmalari amalga oshirilgandi. To‘qqiz oyda esa mamlakatga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb $13 mlrd.ga yetdi.

Avvalroq, O‘zbekiston Qozog‘istondan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha yetakchilik qilishi xabar berilgandi.

O‘tgan yilning yanvaridan noyabrigacha bo‘lgan davrda Qozog‘istondan 962,7 mlrd tenge ($2,07 mlrd) jo‘natilgan va bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 4,5%ga ko‘pdir.