Qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-sentabridan “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona platformasi tarkibida “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.

Tizim paxta, boshoqli don, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmat ko‘rsatishi belgilangan.

2024-yil hosilidan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlari tijorat banklarining “Agroplatforma” tizimi orqali onlayn shakllantirilgan buyurtmanomalari asosida moliyalashtiriladi.

Bunda mahsulot yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” tizimidagi shaxsiy kabinetlari orqali elektron xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

2023-yil yakunigacha geoaxborot texnologiyalari va kosmik tasvirlarni tahlil qiladigan xizmatlarni ko‘rsatish platformasi joriy etiladi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishning amaldagi mexanizmlari raqamli texnologiyalar yordamida takomillashtiriladi.

Bunda, yerdan foydalanuvchilarning takliflarini qabul qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini elektron joylashtirish, kelishish, ma’lumot va hisobotlarni avtomatik shakllantirish uchun “CropAgro” axborot tizimi yaratiladi.

Qoraqalpog‘iston va viloyatlar qishloq xo‘jaligi geoportallari takomillashtirilib, tegishli hududlarning qishloq xo‘jaligi sohasiga oid geografik, statistik va tahliliy ma’lumotlardan ochiq foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

2024-yilning 1-fevraligacha sohadagi statistik ma’lumotlarning ishonchliligi va tezkorligini ta’minlash uchun Agrar va oziq-ovqat sohasida vaziyatlarni baholash markazining ishga tushirilishi nazarda tutilgan.

Joriy yilning 1-oktabrigacha “Agroplatforma"da qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarning yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Aprel oyida paxta, g‘alla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtirilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etilishi belgilangandi.


Avvalroq agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.