Agrar sohada ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, joriy yilning 1-sentabridan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, inson resurslarini rivojlantirish masalalari yangi tashkil etiladigan agroklasterlar, kooperativlar va sohadagi boshqa yirik korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda litsenziya va ruxsat etish tartibidan biri etib belgilanadi.

Shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida ilmiy loyihalar va dissertatsiyalar mavzularini shakllantirish hamda ularni Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishish tizimi joriy qilinadi.

Quyidagilar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni qamrab olgan holda agroxizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi:

  • “Agrobank"ning agromarkazlari va fermerlar maktablari;
  • Savdo-sanoat palatasi tizimidagi sanoat parklari va inkubatsion markazlar;
  • Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining hududiy bo‘linmalari;
  • o‘simliklar va veterinariya klinikalari.

Bundan tashqari, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti huzurida Buyuk Britaniya ta’lim tizimi asosida ixtisoslashgan Xalqaro maktab tashkil etiladi.

Mazkur maktab yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan mustaqil nodavlat umumta’lim muassasasi hisoblanib, unga o‘quvchilar 2023−2024 o‘quv yilidan 1-sinfdan hamda 5-sinfdan qabul qilinadi.

Ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, ilm-fan yutuqlarini qishloq xo‘jaligiga joriy etish va tijoratlashtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus jamg‘arma tashkil etilmoqda. Uning faoliyati uchun xalqaro tashkilotlardan $5 mln grant ajratiladi.

Shuningdek, qaror bilan quyidagilar tashkil etiladi:

  • Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali negizida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti;
  • idoralararo Qishloq xo‘jaligi fundamental tadqiqotlar markazi (Centre Of Excellence);
  • bu markazda biotadqiqotlar va texnologiyalar bo‘yicha zamonaviy laboratoriyalar majmuasi;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarining birlashgan Genbanki;
  • Dala ekinlari urug‘chiligi milliy tadqiqot majmuasi direksiyasi.

Aprel oyida qishloq xo‘jaligi korxonalari dala chetlaridagi yer maydonlarida mahsulot yetishtirish tizimini kengaytirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.