“Apple” kompaniyasi ketma-ket to‘rt chorakda sotuvlarning pasayish xavfi haqida ogohlantirdi, bu so‘nggi yigirma yil ichida eng uzoq davom etgan pasayish bo‘ladi. Bu haqda “Bloomberg"ga tayanib, “Forbes Russia” nashri xabar berdi.

Uch chorak bo‘yicha ketma-ket sotuvlar hajmi pasayganidan so‘ng, “Apple” keyingi uch oy ichida pasayish davom etishini kutmoqda.

Buning sababi sanoatning pasayishi bo‘lib, u smartfonlar, kompyuterlar va planshetlarga bo‘lgan talabni ham kamaytirdi.

Shunday qilib, sotuvlarning ketma-ket to‘rtta chorakda qisqarishi “Apple” uchun so‘nggi 20 yilda eng uzoq davom etgan davrni yuzaga keltirishi mumkin.

“Apple” daromadining asosiy qismi xorijdan kelishini hisobga olsa, ko‘rsatkichlarning yomonlashuvi dollar kursining mustahkamlanishi bilan izohlanadi. Agar AQSh valyutasining kursi o‘zgarishsiz qolsa, yillik sotuvlar hajmi oshadi, deya ta’kidlaydi kompaniya.

O‘tgan chorakda kompaniya daromadi 1,4%ga kamayib, $81,8 mlrdni tashkil etdi. Shu bilan birga, eng katta daromad manbai bo‘lgan iPhone sotuvi 2,4%ga tushib, $39,7 mlrd bo‘lgan.

Amerika kompaniyasi rahbariyati smartfonlar bozori, ayniqsa AQShda, pasayishni boshdan kechirayotganini tan oldi.

Bundan tashqari, yangi mahsulotlarning yetishmasligi “Apple"ning moliyaviy natijalariga ta’sir qildi. Taqdimoti sentabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan iPhone 15 smartfonining chiqarilishini kutish fonida iPhone 14'ga talab pasayib bormoqda.


Avvalroq “Spot” birinchi avlod iPhone AQSh auksionida rekord darajadagi $190 mingga sotilgani haqida yozgandi.