Joriy yilning 17-iyulidan “Tashabbusli budjet” loyihasining ikkinchi mavsumiga start berilgandi.

Avgust oyi boshida loyihalarni kiritish bosqichi yakunlandi. 27-avgustdan ikkinchi mavsum doirasida ovoz berish bosqichi boshlandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining qayd etishicha, ovoz berish jarayonlarining dastlabki kunlari foydalanuvchilar tomonidan tizimda ayrim texnik muammolar kuzatilayotgani bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan.

Ushbu holat ovozlar sonini sun’iy ravishda ko‘paytirish maqsadida ishlab chiqilgan norasmiy botlar orqali ovoz yig‘ish, turli xil spam va xakerlik hujumlari oqibatida yuzaga keldi.

Bu kabi urinishlarning oldini olish uchun qo‘yilgan cheklovlar natijasida portalda uzilishlar kuzatildi.

Hozirda barcha zaruriy texnik choralar ko‘rilib, portal faoliyati mo‘tadillashtirilgani qayd etiladi vazirlik xabarida.

Ikkinchi mavsum doirasida mamlakat bo‘ylab 9 426 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq jami 49 464 ta loyihalar bildirilgan.

“Ochiq budjet” portali orqali kiritilgan takliflarga quyidagi tartibda ovoz berish mumkin:

  • Openbudget.uz saytiga kiriladi;
  • “Tashabbusli budjet” bo‘limi tanlanadi;
  • “Ovoz berish” tugmasi bosiladi;
  • mavjud takliflardan bittasi tanlanib, ustiga bosiladi;
  • “SMS orqali” tugmasi tanlanadi;
  • telefon raqam kiritilib, matematik amal bajariladi;
  • “SMS kodni yuborish” tugmasi bosiladi;
  • mobil telefonga kelgan SMS kod kiritilib, yana “SMS kodni yuborish” tugmasi bosiladi.

Ovoz berish jarayoni 16-sentabrgacha davom etadi.