Samarqandda 7ta korxona elektr energiyasiga 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan viloyatda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan 6ta va Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1ta korxona elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish natijasida davlat manfaatlariga 2,3 mlrd so‘m zarar yetkazgan.

Talon-toroj qilingan 5,2 mln kilovatt-soat elektr energiyasi 26,1 mingta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetardi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etildi.

Avvalroq uchta viloyatdagi 3ta iste’molchi elektr energiyasiga 1,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazgani ma’lum bo‘lgandi. Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta iste’molchi ham 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani aniqlangan.

Joriy yilning sakkiz oyida mamlakatda 390 mlrd so‘mga teng gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

Shuningdek, Buxoroda 26,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlar jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi.