Joriy yilda 6 305 holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev ma’lum qildi.

Xususan, 286,3 mlrd so‘mga teng 308,8 mln metr kub tabiiy gaz va 103,9 mlrd so‘mga teng 197,6 mln kilovatt-soat elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Natijada davlatga 390,2 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p noqonuniy foydalanish holatlari Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlarida xususiy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 200ta holatda 5,2 mln litr neft mahsulotlarining sifatsizligi aniqlandi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Jami 7 700ga yaqin obyektlarning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, 5 589ta iste’molchining umumiy quvvati 844,8 megavatt bo‘lgan elektr qurilmalari tarmoqlarga ulandi.

Hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga tegishli 2 352ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari kelishildi. Xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash yuzasidan 246 ta xulosa berildi.

Shuningdek, 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan iste’molchilarning energiya resurslaridan oqilona foydalanishi yuzasidan 17 mingdan ziyod ko‘rsatma berildi. Unga ko‘ra, 538 ming kVar quvvatga ega bo‘lgan reaktiv energiya kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatilishi ta’minlandi.

Joriy yil yakunigacha 6 mln 786 ming kVt⋅soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Avgust oyi boshida prezident ishtirokidagi videoselektor yig‘ilishda ayrim hududlarning elektr bo‘yicha tejash rejasini bajarmagani ta’kidlangandi.Bu hududlar qatorida Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Toshkent shahri bor.