Andijonda 3ta iste’molchi 1,5 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasini talon-toroj qilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan viloyatda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

Xususan, Oltinko‘l tumanidagi “VRB 2022” MChJga qarashli plyonka ishlab chiqarish sexining elektr hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilib, 1,8 mlrd so‘m (2,4 mln kVt⋅soat) miqdoridagi elektr energiyasi o‘g‘irlangan.

Andijon shahridagi “B.X.I.” MChJga qarashli choyxonaning elektr hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi natijasida davlat manfaatlariga 326,2 mln so‘m zarar keltirilgan. Bu 724,9 ming kVt⋅soat elektr energiyasini tashkil etadi.

Shuningdek, Andijondagi “ZNX F.” xususiy korxonasi 140,1 mln so‘m yoki 311,5 kVt⋅soat) miqdoridagi elektr energiyasini o‘g‘irlagan. Korxona elektr hisoblagichni o‘zboshimchalik bilan almashtirgani aniqlangan.

Mazkur uchta holat natijasida davlatga 1,54 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu miqdordagi elektr energiyasi 16 840ta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetardi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Avvalroq Samarqand va Jizzaxdagi 2 ta zapravka 2,3 mlrd so‘m, Sirdaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida 1,4 mlrd so‘m, Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta iste’molchi 1,7 mlrd so‘m, Samarqanddagi 7ta korxona 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgani aniqlangandi.

Shuningdek, Buxoroda 26,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlar jinoiy javobgarlikka tortildi.