Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti so‘nggi ikki yil ichida neftning jahon narxlari dinamikasining O‘zbekistondagi benzin narxiga ta’sirini tahlil qildi.

Baholash uchun yoqilg‘ining O‘zbekiston birjasidagi ulgurji narxi va Toshkent birjalaridagi chakana narxi haqidagi ma’lumotlardan foydalanildi. Neft narxi Jahon banki ma’lumotlaridan 2022-yil yanvaridan 2023-yil noyabrigacha olingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi 1 oy o‘tgandan so‘ng Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin narxlarida o‘z aksini topmoqda.

Masalan, 2022-yil yanvar-iyun oylarida neft narxining 39,2%ga oshishi birjada avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxining 22,4%ga ko‘tarilishiga olib kelgan.

2022-yil iyul-dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2%ga tushishi ulgurji narxlarning o‘rtacha 21,3%ga arzonlashishiga sabab bo‘lgan.

2023-yilning yanvar-may oylarida jahon bozorida neft narxining barqarorlashishi hamda 2022-yilning 10-dekabridan AI-80 markali avtobenzin uchun aksiz solig‘ini nol stavkasiga tushirilishi natijasida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxlari 4848−5060 so‘m oralig‘ida shakllandi.

Lekin, 2023-yilning iyun-noyabr oylarida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi 5315 so‘mdan 5860 so‘mgacha (10,2%) oshdi.

Ushbu davrda jahon bozoridagi o‘rtacha neft narxi 11%ga ($73 dan $81gacha) qimmatlashgan.

Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi, shu jumladan, talab yuqori bo‘lgan AI-80 va AI-92 markali benzinlarning ulgurji narxlari jahon bozoridagi neft narxiga sezuvchan ekanligi aniqlandi.

Xususan, jahon bozorida neft narxining 1%ga ko‘tarilishi avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxlarining bir oy kechikish bilan 0,30%ga oshishiga, shu jumladan, AI-80 benzinning 0,32%ga, AI-92 benzinning 0,54%ga qimmatlashishiga olib kelishi ma’lum bo‘ldi.

Toshkent shahrida avtobenzinlarning o‘rtacha chakana narxlari esa o‘rtacha ulgurji narxlarga sezuvchan bo‘lib, ular bir xil o‘zgarish dinamikasiga ega.

Xususan, Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin ulgurji narxlarining 1%ga o‘sishi, Toshkent shahrida chakana narxlarning 0,29%ga oshishiga olib kelmoqda.

Lekin, joriy yil noyabr oyida jahon bozorida 1 barrel neft narxining o‘rtacha hisobda $81,35gacha (oktabr oyiga nisbatan 8,7%ga) pasayganiga qaramasdan, dekabr oyida Toshkent shahrida AI-80 avtobenzin o‘rtacha chakana narxi (7611 so‘m) noyabr oyiga (7440 so‘m) nisbatan 2,3%ga ko‘tarildi.

Bu esa dekabr oyining o‘rtalarida sovuq havo iqlimining kirib kelishi bilan metan gaz ta’minotidagi cheklanishlar natijasida AI-80 benzinga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi bilan izohlanishi mumkin.