Xitoyning “BYD” avtomobil ishlab chiqaruvchisi elektromobillar sotuvi bo‘yicha amerikalik raqibi “Tesla"dan o‘zib ketdi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.

2023-yil oktabr-dekabr oylarida “Tesla” 484,5 mingta elektromobil sotdi, bu Uoll-strit tahlilchilari kutganidan biroz oshib ketdi. Xitoyning “BYD” sotuvi 526,4 ming elektromobilni tashkil etdi.

O‘tgan yilda “BYD” elektromobil ishlab chiqaruvchisi 1,6 mln elektromobil va 1,4 mln gibrid avtomobil ishlab chiqardi. Sotilgan avtomobillarning umumiy soni bo‘yicha brend “Tesla"dan ikki baravar ko‘p bo‘lgan.

Biroq “Tesla” kompaniyasi hali ham to‘liq elektr quvvatiga ega bo‘lgan avtomobillar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab turibdi — 1,84 mln.

“Elektromobillar savdosi reytingidagi o‘zgarish Xitoyning jahon avtomobil sanoatidagi ta’siri kuchayib borayotganini aks ettiradi. So‘nggi bir necha yil ichida AQSh, Janubiy Koreya va Germaniyani ortda qoldirgan Xitoy 2023-yilda yengil avtomobillar eksporti bo‘yicha Yaponiyani ortda qoldirishi mumkin”, — deb bashorat qilmoqda “Bloomberg”.

Xitoydagi kuchli mavqeiga qaramay, “BYD” 27,5% lik yuqori import stavkalari tufayli AQSh bozoriga elektr transport vositalarini eksport qilmaydi.

“Barclays” tahlilchisi Den Levining so‘zlariga ko‘ra, “Tesla” AQSh elektromobil bozorida dominant o‘yinchi bo‘lib qolmoqda.


Avvalroq “Spot” “Tesla” AQShda 2 million avtomobilni qaytarib olishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, avtomobillarning qaytarib olinishiga avtopilotdan foydalanishdagi xavfsizlik muammolari sabab bo‘lgan.