Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda chiqindilarni yig‘ish va boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Hujjat bilan, qattiq maishiy chiqindilarni saralashni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. 2024−2026-yillarda birinchi bosqichda dastur Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent tumanini qamrab oladi va ko‘p qavatli uylarning chiqindi yig‘ish maydonlarida tashkil etiladi.

Chiqindilar qayta ishlanadigan, qayta ishlanmaydigan va oziq-ovqat chiqindilariga bo‘linadi. 1-iyulgacha sanitariya tozalash korxonalariga QR-kodli — shaffof, qora va jigarrang rangli maxsus chiqindi qoplarini fuqarolarga bepul tarqatishni tashkil etish topshirildi.

Chiqindilarni yig‘ish joylarida qayta ishlanadigan chiqindilar sotib olinadi. Bularga quyidagilar kiradi:

  • plastik chiqindilar (PET, HDPE, LDPE, PVX, PP va boshqalar);
  • qog‘oz chiqindilari;
  • qora va rangli metallar chiqindilari, metallolomlar;
  • shisha buyumlar va chiqindilar;
  • to‘qimachilik chiqindilari;
  • rezina va kauchuk mahsulotlarning chiqindilari (shinalar, ichki quvurlar, konveyer bantlari).

Bundan tashqari, 1 avgustga qadar Ekologiya vazirligi bir qator chiqindilarni qayta ishlash yoki xavfsiz utilizatsiya qilishni tashkil etishga biznes uchun “yashil subsidiyalar” ajratish tizimini joriy qilishi zarur. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • organik (oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va boshqalar) chiqindilaridan o‘g‘itlar ishlab chiqarish;
  • gaz (elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun), suyuq yoqilg‘i, rezina xom ashyoni piroliz qilish;
  • “Tetra Pak” qadoqlarini qayta ishlash;
  • oqim manbalarini (batareyalar, akkumulyatorlar) qayta ishlash;
  • gigiyena vositalarini (pedlar, niqoblar) qayta ishlash;
  • lyuminessent lampalarni qayta ishlash;
  • shishani qayta ishlash;
  • elektron chiqindilarni qayta ishlash;
  • kimyoviy moddalarni qayta ishlash (bo‘yoqlar, aerozollar, agregat suyuqliklar);
  • plastik chiqindilarni qayta ishlash (PETdan tashqari).

1-iyundan sanitariya tozalash korxonalari suyuq va yirik hajmli maishiy, tibbiy, zaharli kimyoviy chiqindilar, sanoat, qurilish chiqindilari va tuproqlarni kelishilgan narxlarda haq evaziga olib chiqadi.

Sanitariya xizmatlari uchun eng kam to‘lov stavkalarining yillik qayta ko‘rib chiqilishini joriy etish ham tasdiqlandi. Yangi tariflar 1-dekabrgacha mahalliy kengashlar tomonidan tasdiqlanadi.

1-iyuldan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmatlari ommaviy taklif asosida ko‘rsatiladi. To‘lovlar miqdori hududiy Kengashlar (Toshkent shahar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi) tomonidan tasdiqlangan chiqindilarni yig‘ish me’yorlari asosida belgilanadi.

2025-yildan qattiq va suyuq maishiy, qurilish, sanoat, tibbiy, xavfli va zaharli chiqindilarni tashish Ekologiya vazirligi tomonidan litsenziyalanishi zarur. Chiqindilarni tashuvchi mashinalar GPS-treker va videoregistratorlar bilan jihozlanishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekistonda “Eng musaffo mahalla” tanlovi o‘tkaziladi. Har bir hududdagi eng yaxshi mahallalarga chiqindi yig‘ish maydonchalari, chiqindi konteynerlari va daraxt ekish uchun 500 mln so‘mdan hamda xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan elektr transport vositalari uchun ajratiladi.

Avvalroq Toshkentda chiqindilarni olib chiqib ketish narxi oshgani haqida xabar berilgandi. Aholi uchun qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish narxi oyiga 7500 so‘mni, budjet va xo‘jalik tashkilotlarga bir kubometri uchun 89 977 so‘mni tashkil qiladi.