“Apple” “kamida ikkita” buklanadigan iPhone prototiplarini ishlab chiqmoqda, deya xabar bermoqda “The Information” nashri.

Ma’lumotlariga ko‘ra, “Apple” Osiyodagi ishlab chiqaruvchilat bilan ikki o‘lchamdagi buklanadigan smartfonlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni muhokama qilgan, ammo muzokaralar tafsilotlari noma’lum.

Dizaynerlar telefonni raqobatchilarning mahsulotlaridan nima ajratib turishi va iste’molchilarni jalb qilishi mumkinligi haqida ham qarorga kelmagan.

Smartfonning buklangandagi qalinligi taxminan joriy iPhone modellari bilan bir xil bo‘lishi kerak, deb yozadi “Endgadget” nashri.

Buklanadigan iPhone 2024−2025 yillarga mo‘ljallangan ommaviy ishlab chiqarish rejalarida ro‘yxatga olinmagan, shuning uchun chiqarilish yaqin orada amalga oshmaydi.

Nashr, shuningdek, agar yangi qurilma dizayni kompaniya standartlariga zid bo‘lsa, ishlanmalar to‘xtatilishini ham istisno etmaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shuningdek, “Apple” to‘qqiz dyuymli displeyli iPad Mini o‘lchamidagi yig‘iluvchi planshet ustida ishlashni davom ettirmoqda.

Hozirgi bosqichda muhandislar doimiy egilishdan keyin ekranda paydo bo‘ladigan burmadan xalos bo‘lishga harakat qilmoqdalar.

Buklanadigan iPad hajmi qalinroq bo‘lishi mumkin, chunki u cho‘ntakda saqlash uchun mo‘ljallanmagan.


Avvalroq “Spot” “Apple” SIM-kartalarni qo‘llab-quvvatlaydigan birinchi “MacBook"ni tayyorlayotgani haqida yozgandi.

Biroq kompaniyaning hali bunday turdagi Macbookni qachon taqdim qilishi aniq emas.