13-mart kuni respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini baholash tizimini takomillashtirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Iijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, o‘rinbosarlari faoliyatining muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI — Key Performance Indicator), ularga erishish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” hamda hududlarda amalga oshiriladigan ishlar dasturi hukumat tomonidan tasdiqlanadi.

Endilikda samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot har chorakda “samaradorlik.uz” elektron platformasiga kiritiladi. Unda rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining samaradorligi reytingi shakllanadi.

Har bir samaradorlik ko‘rsatkichiga belgilanadigan salmoq o‘lchovi yig‘indisidan kelib chiqib, ko‘rsatkichlar bajarilishi quyidagicha baholanadi:

  • 70%dan kam bo‘lganda — “qoniqarsiz”;
  • 70%dan 85%gacha — “qoniqarli”;
  • 85%dan 100%gacha — “yaxshi”;
  • 100% va undan yuqori bo‘lganda — “a'lo”.

Ko‘rsatkichlarning bajarilishida rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish uchun ijro hokimiyati, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish to‘lovlari miqdori baholash natijalari asosida belgilanadi.

Samaradorlik ko‘rsatkichlari “qoniqarsiz” deb baholangan rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga rag‘batlantirish to‘lovlari kelgusi 3 oy uchun to‘xtatiladi. Ularga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqiladi.

Bundan Vazirlar Mahkamasi Rayosatida samaradorlik ko‘rsatkichlari asoslantirilgan sabablarga ko‘ra bajarilmaganligi tasdiqlangan hollar mustasno.

Yil yakuni bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish natijalari “qoniqarsiz” bo‘lganlarning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqiladi.

Yanvar oyida davlat rahbari Investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilishini qayd etgandi. Ularga aniq KPI belgilanib, shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinadi.

2023-yilning noyabrida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholovchi “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etish belgilangandi.