Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oshirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har chorakda davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilib boradi.

Shu bilan birga, agentlik jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni belgilash maqsadida majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlanib, u o‘z ichiga 9ta yo‘nalish hamda 30ta chora-tadbirni qamrab olgan.

2023-yilning 1-dekabridan quyidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritiladi:

  • hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • bolalarni davlat MTTlarga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi;
  • bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi ma’lumotlar, jumladan, g‘olib bo‘lgan NNT va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi ma’lumotlar.

Quyidagi jarayonlarni internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:

  • falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno);
  • o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining, (shu jumladan, “Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik litseylarining) test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari;
  • oliy ta’lim muassasalari bazasidagi harbiy ta’lim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlarining quyidagi bosqichlari:
  • umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;
  • chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash.

Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etadi.

Uning doirasida ishonch telefonlarining (Call-markaz) hamda ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi, ma’lumotlar almashinuvi samaradorligi, qayta aloqaning mavjudligi hamda tezkorligi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi darajasi tekshiriladi.

Agentlikning mas’ul xodimlari tomonidan aloqa vositalaridan (telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta va boshqa aloqa kanallari) foydalangan holda masofaviy tartibda o‘tkaziladi.

Natijalari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga o‘zining ochiqlikni ta’minlashga oid faoliyatini yaxshilash hamda takomillashtirish uchun ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma yuboriladi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishda quyidagilar taqiqlanadi:

  • huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish va undash, shu jumladan, nizoli, bahsli holatlarni va kamchiliklarni sun’iy ravishda keltirib chiqarish;
  • agentlik mas’ul xodimlaridan tashqari boshqa shaxslardan foydalanish;
  • o‘rganish obyektiga tashrif buyurish.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlarini ochiqlik sohasidagi milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan onlayn malaka oshirish tizimi elektron platforma asosida yo‘lga qo‘yiladi.

U orqali o‘qitilishi lozim bo‘lgan mas’ul xodimlar ro‘yxati va aniq muddatlari ishlab chiqiladi. O‘quv modullari yakuni bo‘yicha har bir tinglovchi egallagan bilim va malakasi test sinovidan o‘tkazilib, natijalari to‘plangan ballar reytingi asosida ochiq e’lon qilib boriladi.