Toshkent shahrining Gulbozor mahallasida turizm ko‘chasi ochildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni poytaxtning Shayxontohur tumanida joylashgan mazkur mahallada bo‘ldi.

Gulbozor Toshkentning tarixiy qismida — Chorsu bozori yonida joylashgan. Hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilib, ko‘cha va uylarda poytaxtning qadimgi ko‘rinishini saqlab qolgan holda qo‘shimcha sharoitlar yaratildi.

Barcha kommunikatsiya tarmoqlari yer ostidan o‘tkazildi. Ko‘cha boshida tarixiy darvoza qayta tiklandi. O‘ymakor ustunli katta ayvon, unga yaqin joyda esa hovuz barpo etildi.

Shuningdek, milliy kashtachilik va hunarmandchilik ustaxonalari, novvoyxona, milliy oshxonalar, zargarlik do‘konlari tashkil qilindi.

“Non tarixi” va “Qadimgi Toshkentga sayohat” nomli ko‘rgazmalar ochildi. Uch yulduzli mehmonxona ham bunyod etilmoqda. Ko‘cha Shayxontohurda tashkil etilayotgan “turizm halqasi"ning bir qismi bo‘ladi.

Gulbozor mahallasida 2 670 nafar aholi yashaydi. Savdo, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish rivojlangani natijasida ishsizlikdan holi hududga aylangan.

Mahallada “Xavfsiz hudud” tizimi joriy etilgan. Bu loyiha amalga oshirilganidan so‘ng barcha xonadonning daromad topish imkoniyati oshgani qayd etildi.

Mutasaddilarga “turizm halqasi"ni davom ettirib, sohada bandlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

2023-yilning iyul oyida qabul qilingan prezident qarori bilan nogironligi bo‘lganlarning sayohat qilishlari uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan “To‘siqsiz turizm” dasturi amalga oshirilishi belgilangan.

Yanvar oyida qabul qilingan davlat rahbari farmoni bilan turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman va shaharlarda mehmonxonalar va savdo-ko‘ngilochar majmualaridan iborat turizm markazlarini tashkil etilishi belgilangan.

Fevral oyida prezident Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi. Unda poytaxtda “gastronomik turizm” va “hunarmandlar” ko‘chalarini tashkil etish, savdo-servis obyektlari va mehmonxonalar qurish, kanallar bo‘yida yashil va dam olish hududlarini barpo etish belgilangan.

Undan keyin Toshkentning ikkita tumanida “gastronomik turizm” ko‘chasini tashkil etish ishlari boshlandi. Poytaxtning sakkizta tumanida shu kabi ko‘chalar tashkil etiladi.