20-may kuni charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, Sharof Rashidov hamda Ohangaron tumanlaridagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasi hududi kengaytirilib, charm-poyabzal sanoati klasterlari tashkil etiladi. Ular charmni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.

Sanoat zonalari hududida quriladigan ishlab chiqarish bino-inshootlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 7 yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan yoki ijara asosida beriladi.

Poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarga kompensatsiya beriladi.

Bunda mablag‘larning $3 mlndan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining 6% banddan yuqori qismi, 5%dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan to‘lab beriladi.

Xorijiy brendlarni jalb qilgan poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga “sorsing” kompaniyalari uchun sarflangan xarajatning $30 minggacha qismi qoplab beriladi.

Sanoat zonalarida tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.

May oyi boshida davlat rahbari mazkur tumanlarda bittadan yirik charm klasterini tashkil etishni topshirgandi.

Avvalroq elektrotexnika, charm-poyabzal va to‘qimachilik mahsulotlarining eng kam eksport narxlarini belgilash bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlangandi.