“Hududgazta'minot” issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz yetkazib berishga vaqtinchalik cheklovlar kiritmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

12-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda kompaniyaning Samarqand filiali tomonidan issiqxonalarga gaz yetkazib berish 50%ga qisqartirilishi bo‘yicha ogohlantirish xati jo‘natilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. “Hududgazta'minot” holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, natijada ayrim hududlardagi quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida ayrim ulgurji iste’molchilarga cheklovlar kiritilmoqda.

Kompaniyada joriy yilning sentabr oyidagi prezidentning tegishli qarori bilan bosim tushishi yoki uzilishlar bo‘yicha issiqxonalar kamida 24 soat oldin “Hududgazta'minot” tomonidan majburiy xabardor qilinishi qayd etildi.

Hukumatning 2023-yilning oktabridagi tegishli qaroriga ko‘ra, aholining gaz ta’minoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda, issiqxonada yetarli miqdorda muqobil yoqilg‘i zaxirasining mavjud bo‘lishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, uch tomonlama shartnoma shartlari asosida issiqxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gazga qisman cheklovlar kiritilgan davrlarda zaxira yoqilg‘i turlaridan foydalanishga vaqtinchalik o‘tish lozim bo‘ladi, deya ta’kidlanadi xabarda.

Bundan tashqari, mazkur cheklovlar faqat havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qo‘llaniladi. Quvurlardagi gaz bosimlari barqarorlashganda ular bekor qilinadi.

Sentabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan kuz-qish mavsumida oktabr, noyabr va dekabr oylarida issiqxonalarga yetkaziladigan gaz uchun oldindan to‘lovning 50%ini amalga oshirishga ruxsat berildi. Qolgan qismini oy yakunigacha to‘lash mumkin. Keyingi oylardan esa to‘liq to‘lash va qarzdorlik bo‘lmasligi kerak.

Noyabr oyida Energetika vazirligi issiqxonalarga gaz yetkazib berish bo‘yicha hech qanday cheklov yo‘qligini qayd etgandi. Ular belgilangan to‘lovlarni amalga oshirib, tabiiy gazdan foydalanishlari mumkin.

9-dekabr kuni vazirlik metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtinchalik qisqa muddatli cheklov kiritilishini ma’lum qildi. Havo haroratining keskin pasayishi bilan gaz iste’moli keskin oshdi va quvurlardagi bosim pasaydi.