“Anthropic” kompaniyasi bosh direktori sun’iy intellekt tufayli inson umrining davomiyligi keyingi 5−10 yil ichida ikki baravar ko‘payishini aytdi. Bu haqda “Gizmodo” nashri xabar berdi.

“Menimcha, 2026 yoki 2027-yilga kelib biz deyarli barcha sohalarda deyarli barcha odamlardan yaxshiroq bo‘lgan sun’iy intellekt tizimlariga ega bo‘lamiz. Men ko‘plab ijobiy salohiyatni ko‘ryapman”, — dedi Amodi.

Amodi sun’iy intellektning biologiya va sog‘liqqa ehtimoliy ta’siri haqida gapirdi. Aynan shu yo‘nalishlar, uning fikricha, hayotni sezilarli darajada uzaytirishga olib kelishi mumkin.

“Agar hamma narsa reja bo‘yicha ketsa, biz biologiya sohasida 5−10 yil ichida 100 yillik taraqqiyotga erishishimiz mumkin. Bunday vaziyatda insonlar umrining ikki barobar uzayishi uncha fantastik tuyulmaydi. Agar sun’iy intellekt bu jarayonni tezlashtira olsa, bu yanada tezroq ro‘y berishi mumkin,” — deb ta’kidladi u.

Chikagodagi Illinoys universiteti Jamoat salomatligi maktabi professori Styuart Jey Olshanski texnologiya haqiqatan ham so‘nggi yuz yil ichida umr ko‘rish davomiyligini oshirishga yordam berganini, ammo ular ma’lum chegaraga ega ekanligini ta’kidladi.

“Hozir bunga katta mablag‘ sarflanmoqda va ko‘plab yaxshi ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Lekin shu bilan birga juda ko‘p mubolag‘alar ham bor. Odamlar hamma 120 yoki 150 yoshgacha yashaydi, deb aytishni to‘xtatishlarini istardim,” — deb tushuntiradi Olshanski.


Avvalroq “Spot” sun’iy intellekt tufayli yaqin 3−5 yil ichida dunyo banklari 200 mingga yaqin ish o‘rinlarini qisqartirishi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, banklarning “back office”, xatarlarni nazorat qilish boshqarmasi hamda operatsion bo‘linmalari xodimlarni sun’iy intellektga almashtirish xavfiga eng ko‘p duch keladi.