Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasiga (UzMRC) 30 mln yevro miqdorida moliyaviy mablag‘ ajratishi kutilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar mart oyida Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida hamkorlik shartnomasini imzoladilar. Moliyaviy resurslarni uy-joylarni “yashil” renovatsiya qilish loyihalari, shuningdek, qurilish sohasida energiya samaradorligini oshirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Hozirda loyiha baholash va tayyorgarlik ko‘rish bosqichida bo‘lib, bu bo‘yicha texnik konsultantlar AETS va Juru kompaniyalari hisoblanadi. Unga ko‘ra, AFD tomonidan kredit liniyasi va texnik yordam ajratilib, UzMRC orqali tijorat banklari ishtirokida yakuniy iste’molchilarga kreditlar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislar tomonidan aholining energiya samaradorligi bo‘yicha xabardorlik darajasini aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. Yig‘ilgan ma’lumotlar loyihaning iqtisodiy va texnik asoslarini shakllantirishda foydalaniladi.
Savolnomani havola orqali o‘zbek, rus yoki ingliz tilida to‘ldirish mumkin.
Shuningdek, AETS UzMRC faolligi va uning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan kredit liniyalarini joriy etishga tayyorligini tahlil qiladi. Ushbu ma’lumotlar asosida AFD kredit liniyasi hisobidan taqdim etiladigan moliyaviy mahsulotlar bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Aprel oyi boshida Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi Osiyo taraqqiyot banki bilan ipoteka bozorining inklyuziv va “yashil” segmentlarini, shu jumladan ayollar uchun qarz olishni rivojlantirishga mablag‘ jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Moliyalashtirish miqdori $30 mlnni tashkil etadi.
Avvalroq tahlillar Toshkent hududining deyarli yarmi rekonstruksiya va yangilanishga muhtoj ekanligini ko‘rsatgani haqida xabar berilgandi.