7-may kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan mintaqaviy aviatashuvlarni va ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Hujjat bilan Uzbekistan Airways uchun belgilangan maxsus tariflar va subsidiyalar O‘zbekistonning barcha rezident aviakompaniyalariga nisbatan tatbiq etiladi. Gap ichki reyslar uchun ekonom-klass chiptalari narxining 25%ini qoplash haqida ketmoqda.

Aviachiptalar narxi va subsidiyalanadigan aviaqat yo‘nalishlarini subsidiyalash miqdorini belgilash bo‘yicha maxsus komissiya tarkibi qayta tasdiqlandi. Unga quyidagilar kiradi:

  • Ilhom Mahkamov — transport vaziri;
  • Jamshid Abruyev — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari;
  • Xurshid Mustafoyev — iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari;
  • Tohir Nazarov — O‘zaviatsiya direktori;
  • Ulug‘bek Shadiyev — Turizm qo‘mitasi raisi;
  • Abdinabi Ximmatov — Transport vazirligi Moliya-iqtisod va tarif boshqarmasi boshlig‘i.

Transport vazirligi barcha rezident aviakompaniyalar komissiya tomonidan belgilangan mahalliy yo‘nalish va tariflar doirasida sotishi mumkinligini ma’lum qildi. Oy yakuni bo‘yicha tashuvchilar vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan jadval shaklida subsidiya olish uchun ariza berishlari mumkin.

Turistik yo‘nalishlar bo‘yicha ichki reyslar uchun subsidiyalar 2021-yil fevral oyida joriy etilgan. Oldin mablag‘lsr 2022-yilning iyunigacha ajratilishi belgilangan bo‘lsa, bu muddat hukumatning 2023-yil boshidagi qarori bilan 2026-yilgacha uzaytirilgan.

Vazirlar Mahkamasi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2021-yilning mart oyidan 2022-yilning iyun oyiga qadar 265 ming dona imtiyozli chiptalar sotilgan. To‘lovlarning umumiy miqdori 27,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shavkat Mirziyoyev may oyi boshida Xorazm viloyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ichki yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni ko‘paytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq bergandi. Mahalliy bozor jozibadorligini oshirish uchun barcha mahalliy kompaniyalarga subsidiyalar ajratiladi.

Avvalroq, Shahrisabz aeroporti mart oyidagi rekonstruksiyadan so‘ng birinchi marta ATR-72 samolyotini qabul qilgani haqida xabar berilgandi.