Shvetsiyaning H&M kiyim-kechak brendi 2025-yil 20-mayda Rossiyadan rasman chiqib ketdi. Bu haqda Daily Storm nashri xabar berdi.
Biroq, bu jarayon oddiy kechmadi: sudlashuvlar, mulk musodara qilinishi kabi hodisalar yuz berdi va natijada kompaniya kichik g‘alabaga erishdi.
H&M Samaradagi Gud’Ok savdo markazidan deyarli 570 ming rubl undirish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu mablag‘ yuristlar xizmati, xizmat safarlari va boshqa sarf-xarajatlar uchun to‘lanadigan kompensatsiya sifatida belgilandi.
Bu voqea 2022-yildan boshlanadi, H&M Rossiya bozoridan chiqishini e’lon qilgan paytdan beri davom etmoqda. Kompaniya rasman mavjud bo‘lsa-da, amalda faqat sud jarayonlarida ishtirok etardi. Eng shov-shuvli hodisalardan biri Samaradagi Gud’Ok savdo markazi bilan uzoq muddat davom etgan nizo bo‘ldi.
2023-yildan boshlab rossiyalik ijaraga beruvchi H&M kompaniyasidan ijara shartnomasini bir tomonlama bekor qilgani uchun 226 mln rubl undirmoqchi bo‘lgan.
Brendning hisob raqamlarida 200 mln rubldan ortiq mablag‘ xatlab qo‘yilgan, bu esa hatto yuridik shaxsni tugatish imkoniyatini ham yo‘qqa chiqargan.
Xatlash 628 kun davom etib, 2024-yil iyunigacha cho‘zilgan. Faqat shundan keyingina tugatish jarayonini joyidan qo‘zg‘atishga erishilgan.
Bunga javoban Shvetsiya tomoni qarshi hujumga o‘tdi — 57 mln rubllik qarshi da’vo qo‘zg‘atdi. Kompaniya bir necha oylik hibs tufayli qariyb chorak milliard rubl zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Biroq, Rossiya sudi chet el brendini qo‘llab-quvvatlamadi — tovon to‘lashni rad etdi.
H&M kichik bo‘lsada g‘alabaga erishdi. SPARK-Interfaks axborot tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, sud kompaniyaning da’vosini qisman qanoatlantirib, ish yuritish xarajatlarini qoplash uchun taxminan 570 ming rubl miqdorida kompensatsiya to‘lashga qaror qilgan.
Avvalroq Spot Yaponiyaning Isuzu avtomobil ishlab chiqaruvchisi Rossiyani tark etgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya sho‘ba korxonasi aksiyalarini Rossiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi Sollers kompaniyasiga o‘tkazgan.