Tesla kompaniyasi2025-yil 22-iyunda Texasning Ostin shahrida robotaksini ishga tushirdi, deya xabar bermoqda Reuters.
Ishga tushirish arafasida Tesla foydalanuvchilarning kichik guruhiga sinovlarda qatnashish uchun taklifnomalar yuborgan.
Qayd etilishicha, ob-havo tufayli xizmat ko‘rsatish cheklanishi, xizmatning o‘zi esa har kuni ertalab soat oltidan tun yarmigacha ishlaydi, biroq bu vaqt o‘zgartirilishi ham mumkin.
CNBC aniqlik kiritishicha, sayohatlarga faqat Tesla “eng xavfsiz” deb hisoblagan shahar hududlaridagina ruxsat beriladi. Mashinalarni masofadan turib operatorlar nazorat qiladi. Oldindgi o‘rindiqda Tesla xodimi o‘tiradi, deb qo‘shimcha qilmoqda Reuters taklifnomalarga asoslanib.
Parkda 20 tagacha Model Y avtomobili mavjudligi haqida WSJ xabar bergan. Robotaksi sahifasida aytilishicha, 2024-yil oktabrda taqdim etilgan rulsiz va pedalsiz Cybercab avtomobillari keyinroq paydo bo‘ladi. Kompaniya rahbari Ilon Maskning ta’kidlashicha, xizmat narxi o‘zgarmas bo‘lib, 4,2 dollarni tashkil etadi.
Ayni sahifada xizmatning boshqa shaharlarda ishga tushishi haqidagi yangiliklarga obuna bo‘lish imkoniyati mavjud. Tesla San-Fransisko, Los-Anjeles va San-Antonioda ham xizmatni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Robotaksi ishga tushirilishi arafasida Ostinda norozilik namoyishi o‘tkazildi. Faollar Tesla kompaniyasining qisman avtomatlashtirilgan haydash tizimlarini xavfli deb hisoblashmoqda.
Mask esa: “Biz xavfsizlik masalasida o‘ta ehtiyotkor va hushyormiz”, deya ta’kidladi.
Avvalroq Spot Fransiyadagi ayrim Tesla egalari Maskning harakatlaridan yetkazilgan zarar tufayli sudga murojaat qilishgani haqida yozgandi.
Ular ijara shartnomalarini bekor qilishni va sud xarajatlarini qoplashni, shuningdek, Maskning xatti-harakatlari tufayli obro‘siga putur yetganini da’vo qilmoqda.