2-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining birinchi kuni yakunida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif chog‘ida Kaspiy dengizining g‘arbiy sohilidagi ushbu yirik xalqaro sayyohlik markazi faoliyati haqida taqdimot o‘tkazildi. Davlat rahbariga bu yerda yaratilgan sharoitlar, dam olish zonalari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, kottejlar va turar-joy majmualari haqida ma’lumot berildi.
Loyiha zamonaviy “Kaspiy riverasi"ga aylangani qayd etildi. Kurort qariyb 500 gektar maydonni egallagan. Bu yerda 6,5 kmlik plyaj zonasi, 150 gektar maydonda yashil hududlar va dam olish obyektlari mavjud bo‘lib, 700 mingga yaqin daraxt va butalar ekilgan.
Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov Chorvoq suv omborida Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.
Bundan oldin Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yidagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi.
“Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — dedi u.
Loyiha doirasida Chorvoqqa “ko‘plab restoran operatorlari"ni jalb qilish rejalashtirilgan. Bu yerda apart-hotel, mehmonxonalar, shuningdek, sotiladigan va ijaraga beriladigan kvartiralar joylashadi.
Sea Breeze Uzbekistan
2024-yilning dekabr oyi oxirida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish loyihasini prezidentga taqdim etdi.
Loyiha doirasida turizm markazida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar tashkil etiladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Emin Agalarov markazda maktab, akvapark va istirohat bog‘lari bo‘lishini qayd etdi. Bu yerda suv va qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratiladi.
“5−7 mln kv.metrga mo‘ljallangan salohiyatli bu loyiha mamlakatning eng yaxshi kurort zonasidan biriga aylanadi degan umiddaman. Bu yerda odamlar yil davomida yashashlari va dam olishlari mumkin. Xatto, sotib olib, uni ijaraga berish mumkin bo‘ladi”, — dedi tadbirkor.
Undan keyin prezident ushbu turizm markazining qiymati $7−10 mlrdga baholanganini ma’lum qilgandi. Aprel oyida Emin Agalarov Shavkat Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim etdi. Turizm markazini 10 ta kichik hududga bo‘lib qurish ko‘zda tutilmoqda. Ularning har biri piyoda borish mumkin bo‘lgan ko‘ngilochar maskan va xizmatlarni qamrab oladi.
Suv bo‘yida xiyobon, plyaj va dam olish joylarini tashkil etish, qiyaliklarda esa mehmonxonalar, kottejlar, uylar, restoranlar qurish rejalashtirilgan. Bu yerda madaniyat, ta’lim, tibbiyot, sport maskanlari yaratiladi. Bu orqali esa sayohat bilan birga, keluvchilarga yil davomida yashash imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Emin Agalarov bu qariyb 6,5 mln kv metr maydonni egallovchi yangi shahar bo‘lishi va bosqichma-bosqich bunyod etilishini ma’lum qildi. “Biz harakatlarni tezlashtirib, shu yozda qurilish jarayonlariga faol kirishamiz”, — dedi u.
Iyun oyi boshida Agalarov Development prezidenti xalqaro sayyohlik markazi hududini birinchi marta ko‘zdan kechirdi. Agalarov bo‘lajak sayyohlik markazini aylanib chiqib, bir yil ichida natijani ko‘rsatishga va’da beradi. U birinchi ko‘chmas mulkni namoyish etish uchun mulk egalari, ijaraga beruvchilar va mehmonlarni tashish maqsadida qayiq va paromlar o‘rnatishni taklif qilgan.
“Birinchi bosqichda biz 100 gektarga yaqin maydonni o‘zlashtirishni taklif qilishga qaror qildik. Hozirda bosh rejani ishlab chiqish ishlarini davom ettiryapmiz va u yerda mavjud Sea Breeze [Boku]da bunyod etilgan binolarga o‘xshash inshootlarni qurishni rejalashtirmoqdamiz. Ularni mahalliy me’yorlarga moslashtirish oson. Aynan shu yozning o‘zidayoq qurilishni boshlash mumkin”, — dedi Emin Agalarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda kanalizatsiya, suv va gaz ta’minoti kabi barcha turdagi kommunikatsiyalarni o‘tkazish rejalashtirilgan. Loyiha “Chorvoq oromgohi” (Piramida) dam olish maskanidan boshlanadi. Unga qarama-qarshi tomonda maydoni 500 gektar va uzunligi taxminan 5−6 km bo‘lgan sohil joylashadi.
Chorvoq suv omborining qarama-qarshi qirg‘oqlarida joylashgan Sea Breeze Uzbekistan loyihasining ikki qismini bog‘lash uchun 1100 metr uzunlikdagi ko‘prik barpo etiladi. Uning qurilishi bilan esa yaqin vaqt ichida davlat shug‘ullanadi.
E’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan’ning Yakkatut va Boladala aholi punktlari oralig‘idagi hududni egallagan shimoliy qismida villalar, mehmonxonalar, turar joylar, restoranlar va boshqa obyektlar quriladi.
Turistik markaz loyihasini amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkalarining umumiy maydoni 679 gektardan ortiqni tashkil etadi. Shundan sug‘orilmaydigan yerlar — 480,14 gektar, sug‘oriladigan yerlar — 37,22 gektar va qolgan toifalar 161,7 gektardir.
Avvalroq Fransiyaning MND kompaniyasi Shohimardonda 45 mln yevrolik turistik zona tashkil etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Uning doirasida tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘prik, ekstremal sakrash hududi, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar quriladi.