Toshkent hokimligi Ozarbayjon kompaniyalari bilan $400 mlnlik shartnomalar imzoladi. Bu haqda poytaxt hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent hokimligi va Boku meriyasi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning o‘tgan yilgi O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzgan. Hujjat doirasida tomonlar yo‘l xaritasi va chora-tadbirlar rejasini kelishib olgan.
“Joriy tashrif davomida hokimlik Ozarbayjonning bir nechta kompaniyalari bilan xizmat ko‘rsatish sohasida $400 mlnlik oltita hujjatni imzoladi. Loyihalar Toshkent shahrida besh yulduzli mehmonxona, turar-joy va savdo-ko‘ngilochar majmuasini qurish, shuningdek, mehmonxonalar, restoranlar va qahvaxonalar tarmog‘ini ishga tushirishni o‘z ichiga oladi”, — dedi hokim o‘rinbosari.
Sharof Rahmonov Bokuda O‘zbekiston bog‘i qurilishini strategik loyiha deb atadi. O‘zaro hamkorlik asosida Toshkentda Ozarbayjon bog‘ini barpo etish rejalashtirilgan. Prezidentlar bog‘ majmuasining konsepsiyasi va loyihasi bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
2-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Bokuda qiymati $80 mln bo‘lgan O‘zbekiston bog‘i qurilishiga start berdi. 4,5 gektar maydonni egallagan majmua Buxoro, Samarqand va Xivaning tarixiy binolarini rekonstruksiya qilishni o‘z ichiga oladi. Zarur hujjatlar olingandan so‘ng, bog‘ qurilishi ikki yil davom etadi. Loyihani tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev taqdim etdi.
Avvalroq Agalarov Mirziyoyevga Sea Breeze Uzbekistan master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etgani haqida xabar berilgandi.