7-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan IT-kompaniyalar vakillari, kontent-provayderlar va davlat xaridlari ishtirokchilari bilan ochiq muloqotda Green White Solutions asoschisi Abduqahhor Toshmuhamedov IT Park Uzbekistan hududida “ingliz huquqi"ni joriy etishni taklif qildi.

“Biz barcha bozor ishtirokchilarining teng huquqliligini nazarda tutuvchi ingliz huquqini joriy etishimiz kerak. Hozir Raqamli texnologiyalar vazirligi bu borada ish olib borayotganini eshitdim”, — dedi u.

2023-yil dekabr oyida prezidentning Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifi chog‘ida IT Park hududida “ingliz huquqi"ni joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish va sohani kelgusi 100 yil davomida rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish rejalari muhokama qilingandi.

2024-yil yanvar oyida IMAN startapi asoschisi Rustam Rahmatov Spot bilan suhbatda huquqiy islohot o‘tkazish va tartibga soluvchi “qumdon"ni joriy etishni taklif qildi. Venchur moliyalashtirish bozorining rivojlanishi uchun asosiy to‘siqlar qatorida u “ingliz huquqi"ning yo‘qligini ta’kidladi.

O‘sha yilning fevral oyida prezident IT Park huzurida Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini (Enterprise Uzbekistan) tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Markaz negizida quyidagi sohalarda maxsus huquqiy rejimga ega IT-kompaniyalar uchun tartibga solish “qumdonini” ishga tushirish rejalashtirilgan:

  • soliq va bojxona jihatidan tartibga solish;
  • mehnat munosabatlari;
  • bank-moliya faoliyati;
  • shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish;
  • intellektual mulkni himoya qilish;
  • davlat xizmatlari ko‘rsatish;
  • tijorat va fuqarolik nizolarini hal etish.

O‘tgan yilning iyul oyida IT Park EY Uzbekistan konsalting kompaniyasi bilan bo‘lajak “qumdon” uchun huquqiy rejimni ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzoladi. “Qumdon” elementlari xalqaro tajriba va mahalliy bozorning o‘ziga xos xususiyatlari asosida ishlab chiqiladi.

Joriy yilning may oyida Britaniyaning SteelRose Legal yuridik firmasi Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Xususan, “Enterprise Uzbekistan” to‘g‘risidagi qonun loyihasi ingliz huquqi prinsiplaridan foydalangan holda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Uning yakunlari bo‘yicha kompaniya nomidan tavsiyalar va xulosalar taqdim etiladi.

Shuningdek, kompaniya yuristlari Enterprise Uzbekistan huquqiy rejimi doirasida IT Park’ning ichki siyosati va qoidalarini ishlab chiqishda yordam beradi. Gap, jumladan, GDPR ma’lumotlarni himoya qilish talablariga rioya qilish va pul yuvishga qarshi kurashish (AML) choralari haqida bormoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda biznesning elektr energiyasi uzilishidan ko‘rgan zararini qoplash mexanizmi ishlab chiqilayotgani haqida xabar berilgandi.