O‘zbekiston va Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasini tez orada ishga tushirishga kelishib oldi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

5−6 avgust kunlari Avazada BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida ITSV rahbari Laziz Qudratov Turkmaniston savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agaxanov, shuningdek, Turkmaniston sanoat va qurilish ishlab chiqarish vaziri Toyguli Nurov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va transport-logistika hamkorligini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Xususan, chegaraoldi savdo zonasi (Shovot, Xorazm viloyati-Toshovuz, Toshovuz viloyati) faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma imzolash va uni tez orada ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar o‘zaro savdo hajmini $2 mlrdga yetkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasini tasdiqlash masalasini kelishib oldilar.

o'zbekiston, turkmaniston

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO) bilan o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturini tasdiqlash, unga sanoat, infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, xalqaro ekspertizalarni jalb qilgan holda inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi tashabbuslarni kiritishga kelishib oldi.

BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi (SPEKA) doirasidagi hamkorlikni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, logistika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Shovot-Toshovuz chegara o‘tish joyi yaqinida savdo zonasi qurilishi 2022-yil oktabr oyida boshlangan edi. Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi arafasida Zonani tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish bo‘yicha ishlar to‘g‘risidagi protokol imzolandi.

2024-yil fevral oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Turkmaniston erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Fuqarolar va turkmanistonliklar vizasiz zonada 15 kungacha qolishlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq Spot prezident dengizga chiqishga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risida bitim ishlab chiqishni taklif qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, bunday mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini ta’sis etish, O‘zbekistonda agrotarmoqni rivojlantirish uchun Innovatsion xabni yaratish takliflari bildirildi.