Raqamli transformatsiya sharoitida IT mahsulotlarining muvaffaqiyati nafaqat ularning texnik jihatdan mukammalligi, balki foydalanuvchiga qulaylik darajasi hamda ehtiyojlarga mos kelishiga ham bevosita bog‘liq. Bu murakkab jarayonni boshqarishda esa mahsulot menejerlarining roli alohida o‘rin tutadi. Aynan ular g‘oyaning shakllanishidan boshlab, uni hayotga tatbiq etish hamda foydalanuvchigacha yetkazishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni boshqaradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham mahsulot menejerligi kasbiga bo‘lgan qiziqish, ularga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Spot Uzum’da IT mahsulot menejeri sifatida faoliyat yuritayotgan Dilnoza Nasriyeva bilan mahsulot menejerining vazifalari, ish jarayoni va undagi murakkabliklar hamda oylik daromadlar haqida suhbatlashdi.
Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:
Uzum'da IT mahsulot menejeri.
Toshkentdagi Inha universitetida logistika sohasida biznes boshqaruvi yo‘nalishini tamomlashim bilan professional karyera yo‘lim boshlandi. O‘qish yillarida fanlar keng ko‘lamda o‘rgatilib, ustuvor yo‘nalishim aniq emas edi. Asosan, logistika, biznes boshqaruvi, iqtisod va marketing o‘tilardi. Bu soha tanlashda dastlab noaniqlik hissini bergan bo‘lsa-da, keyinchalik menga turli sohalarga nisbatan keng qarash hamda tizimli fikrlashni o‘rgatdi.
2020-yil. Oliy ta’limni tamomlagan vaqtim pandemiya davriga to‘g‘ri keldi. Natijada ish topish, tajriba orttirish jarayoni ancha murakkablashdi. Biroq yo‘l izlashdan to‘xtamadim. Marketing yo‘nalishi yaqin bo‘lgani uchun ishimni aynan shu sohada brending bilan shug‘ullanishdan boshladim. Biroq, barcha bilimlarimni ham amaliyotda qo‘llash imkoniyati bo‘lmagani tufayli Asakabank’da analitik sifatida ishimni davom ettirishga qaror qildim. Bu menga raqamlar bilan ishlash, muammolarni aniqlash va yechim topishga intilish ko‘nikmalarini berdi.
Bankdan ishdan ketganimdan so‘ng startapda ishlab ko‘rdim. Hammasi yaxshi ketayotgandi, biroq qoliplardan chiqib, yangi bosqichga o‘tishni istadim va ishimni almashtirishga qaror qildim. O‘sha vaqtlarda meni marketing strategiyasi bo‘yicha va Uzum kompaniyasida IT’da mahsulot menejeri siftaida ishga chaqirayotgandi.
Marketingda ishlab keta olishimga ko‘zim yetgandi, lekin insonlarning hayotini yengillashtiradigan, jamiyatga foyda keltira oladigan loyihalarda ishlash istagi yuqori edi. Shu sababli, 2022-yilda Uzum’da IT mahsulot menejeri bo‘lib faoliyatimni boshladim.
Onam Zarafshon shahrida yashaydilar. Avvalari, bu kabi olis hududlarda elektron tijorat orqali xarid qilish imkoniyatlari cheklangan, assortiment kam va Toshkent shahri va viloyatlarda savdo mahsulotlari sifatida ham farq juda katta edi. Lekin, loyihamiz orqali barcha aholi uchun bir xil imkoniyatni yaratishga harakat qilyapmiz. Bitta tugmani bosish orqali bir kunda istalgan mahsulotni olish yoki uni qaytarish mumkin.
Oldinlari o‘zbekchilik deb o‘lchami to‘g‘ri kelmagan yoki yoqmagan tovarni qaytarishga andisha qilgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Hozir esa unday emas, aksincha Nukus yoki Farg‘onada bo‘lasizmi — istagan joyingizda istagan mahsulotingizni sotib olishingiz, yoqmasa qaytarib berishingiz mumkin. Mana shunday holatlarda mahsulot menejeri sifatida onamning, xaridorlarning mushkulini yengil qilib, jamiyatga foyda keltirayotganimdan motivatsiya olaman.
Bu qarorga kelganimdan afsusda emasman. Bu yerga ishga kirganimdan so‘ng asosiy vazifam operatsion yechimlarga javob berish bo‘ldi: logistika avtomatlashtirilishi, tashqi hamkorlar bilan integratsiyalar, buyurtmalarni kuzatish va ichki jarayonlar.
IT’da mahsulot menejeri
Mahsulot menejeri g‘oyadan IT mahsulot yaratib beradigan va unga javobgar bo‘lgan mutaxassis hisoblandi. Misol uchun, Uzum’da jamoamiz bilan YouDriver nomli ilova ishlab chiqqanmiz. Ilovani yaratish uchun birinchi navbatda g‘oya o‘rtaga tashlangan. Undan keyin, men mahsulot menejeri sifatida uni qanday ishlab chiqishimiz, nimalar amalga oshiramiz — barchasining sxemasini qog‘ozga tushirganman. Undan keyin IT jamoa bilan maslahatlashib loyihani yaratganmiz.
Mahsulotni yaratish — bu yo‘lning faqat boshlanishi. Eng qiyin jarayon esa uni “oyoqqa turg‘izish”, ya’ni amaliyotda ishlaydigan, foydalanuvchilar ehtiyojiga mos keladigan, doimiy o‘sib boradigan tizimga aylantirishdir.
Mahsulot bozorga chiqqach, ish tugamaydi, aksincha, haqiqiy mas’uliyatli vazifa undan keyin boshlanadi. Foydalanuvchilarning real muammolariga qarab, loyihaning keyingi yo‘nalishini belgilash, rag‘batlantiruvchi strategiyalar yaratish, foydalanuvchi bazasini oshirish hamda mahsulot samaradorligini chuqur tahlil qilish — bularning barchasi mahsulot menejerining zimmasidagi muhim vazifalardir.
Foto: Spot
Hozir jamoamda 7 kishi bor: engineering manager, dasturchilar, dizayner, tahlilchilar va men ya’ni mahsulot menejeri. Loyiha ishlab chiqishi yoki buyurtma asosida uni yaratishi faqatgina mahsulot menejeriga bog‘liq jarayon emas: unda jamoaning hamfikr ishlashi, kuchli mutaxassislardan iborat bo‘lishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahsulot menejeri qancha topadi?
Product manager’ning daromadi uning tajribasi, javobgarlik darajasi va ishlayotgan sohasiga bog‘liq.
O‘rtacha hisobda boshlang‘ich ish haqi $1000 atrofida: kompetensiyalar oshgani sari daromad ham sezilarli darajada oshib boradi. Texnologik va xalqaro kompaniyalarda senior va lead darajasidagi mutaxassislar yuqori daromad oladilar.
Agar kimdir mahsulot menejeri sifatida faoliyat olib bormoqchi bo‘lsa tizimli fikrlay olishi, qarorlarni ma’lumotlarga asoslanib qabul qilishi hamda foydalanuvchini eshita olish singari fazilat va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak.
Nega amaliyot muhim?
Nazarimda, oliy ta’lim har qanday mutaxassis uchun muhim asos hisoblanadi — universitet tanqidiy fikrlash, tizimli yondashuv va netvorkingni o‘rgatadi. Lekin, mahsulot menejerligi bo‘yicha maxsus akademik dastur bo‘lmasligi mumkin. Bu sohada ko‘proq amaliy tajriba, bozordagi ehtiyojlarni tushunish va real loyihalarda ishlash orqali o‘sish mumkin. Bu yo‘lda o‘zimni muntazam rivojlantirishga, tahlil qilishga va foydalanuvchi ehtiyojlarini chuqur tushunishga harakat qilaman. Har bir loyiha bu — yangi saboq, yangi bilim.
GoPractice, Product University, Coursera’dagi dasturlar, Stanford yoki Yale kabi universitetlarda maxsus kurslar mavjud. Ular CustDev’dan tortib Unit iqtisodiyoti va Roadmap rejalashtirishgacha bo‘lgan aniq metodologiyalarni o‘rganishga yordam beradi.
Bu soha faqat bilim olish emas, balki uni amaliyotda qo‘llash qobiliyatini ham talab qiladi. Eng to‘g‘ri yo‘l — o‘qishni haqiqiy loyihalardagi tajriba bilan uyg‘unlashtirish. Chunki nazariyani amaliyot bilan birga olib borish mahsulot menejerining fikrlash doirasini kengaytiradi, foydalanuvchining og‘riqli nuqtalarini to‘g‘ri tushunishga yordam beradi.
Sohadagi qiyinchiliklar va stereotiplar
Uzum’ga endi ishga kirgan paytlarimda mahsulot endigina ishga tushgan va brend hali unchalik tanilmagandi. Hammasini noldan yaratishimizga to‘g‘ri kelgan: jarayonlar, jamoa, infratuzilma — barchasi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilgan. Tayyor yechimlar bo‘lmagani sababli mahsulotni sinovdan o‘tkazishga, har bir xatodan saboq olib, tez o‘rganishga va holatga moslashishga to‘g‘ri kelgan. Bu mahsulot menejeri sifatidagi ilk real tajribam, birinchi katta qiyinchiligim bo‘lgan. Ammo, aynan mana shu davr menda kuchli moslashuvchanlik, tezkor fikrlash va strategik qaror qabul qilish qobiliyatlarini shakllantirdi.
Hozir esa ancha osonlashgan — jarayonlar yo‘lga qo‘yilgan, jamoa tajribali. Biroq, vazifalar ham o‘ziga yarasha murakkabroq.
Stereotiplarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ulardan birinchisi — IT’da ayollarning ishlab ketishdagi qiyinligi. Agar yondashuvingiz professional bo‘lsa va o‘z fikringizni dadil bildirishga jur’at etsangiz — har qanday jamoada o‘zingizga munosib o‘rin topishingiz mumkin. IT’da ham xuddi shunday, harakatchan bo‘lish kerak, xolos.
Foto: Spot
Qiz bola uchun mahsulot menejeri sifatida faoliyat yuritish ba’zida murakkab tuyulishi mumkin — ayniqsa, bu ilk bosqichlarda, mas’uliyatni yelkaga olish va qaror qabul qilishda yoki jamoani boshqarishda biroz cho‘chitishi mumkin. Biroq vaqt o‘tishi bilan, tajriba ortgani sayin bu qiyinchiliklar ortda qoladi. Ish jarayonida bildirilgan ishonch, natijalar va doimiy o‘sish bu sohada ayollar uchun ham keng yo‘l ochadi.
Ayol kishining fikri har doim ham inobatga olinmasligi mumkin. Lekin ishda buni yengib o‘tsa bo‘ladi: “Meni fikrimcha” deb emas, aksincha aniq raqamlar va faktlar hamda tahlillar bilan gapirishni o‘rganish kerak. Shunda qolganlar ham sizni jiddiy qabul qiladi.
Product manager qanday kitoblar o‘qiydi?
“Inspired” — Marty Kaganning bu kitobi mahsulot menejerlari uchun klassik qo‘llanma hisoblanadi. Ushbu kitobda kuchli mahsulot jamoalari qanday tuzilishi, muvaffaqiyatli mahsulotlar nimasi bilan boshqalardan ajralib turishi, shuningdek, mijozga haqiqiy qiymat beradigan funksiyalar qanday aniqlanishi keng yoritiladi.
Erik Ris qalamiga mansub “Tejamkorlik startapi"ni mutolaa qilish orqali startaplarda tezkor o‘sish hamda tajribali qarorlar asosidagi rivojlanish to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lasiz. Kitob minimal imkoniyatlar bilan maksimal natija olish, gipotezalar asosida tajriba o‘tkazish va tezkor iteratsiyalar orqali foydalanuvchiga kerakli mahsulotni yaratish yo‘llarini o‘rgatadi.
Foydalanuvchi odatlarini shakllantiradigan mahsulotlar qanday yaratiladi? Bu savolga Nir Eyalning “Hooked” kitobida javob topish mumkin. Asar foydalanuvchi odatlari qanday shakllanishi, mahsulotni ishlab chiqishda buni qanday hisobga olish kerakligi haqida.
Rob Fitzpatrickning “The Mom Test” nomli kitobi intervyularni qanday qilib to‘g‘ri o‘tkazish va halol feedback olish mumkinligi haqidagi amaliy qo‘llanma, deyish mumkin.
Tavsiya qilmoqchi bo‘lgan yana bir kitobim, John Doerrning “Nima muhimligini o‘lchang” asari. Unda OKR tizimi va biznesni haqiqatan oldinga siljitadigan maqsadlarni qanday belgilash kerakligi tushuntiriladi.