Avvalroq Spot O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida kemasozlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangani haqida yozgandi.

O‘zbekiston Turkmaniston va Ozarbayjondan kemalar sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov oliy darajadagi uch tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Transport vaziri O‘zbekiston Kaspiy dengizida paromlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Kaspiy bo‘ylab yuk tashish ko‘paygani sababli 30−40 kunlik tirbandliklar yuzaga kelmoqda. O‘z kemalarining mavjudligi O‘zbekiston yuklarini Kaspiy orqali tashishni tezlashtiradi.

“Turkmanistonda Ozarbayjondagi kabi kemasozlik zavodlari bor. Bugun biz ushbu korxonalarda kemalarni sotib olish masalasini tahlil qilish va ko‘rib chiqishga kelishib oldik. Barcha texnik jihatlarni ishlab chiqish kerak va imzolangan hujjat bizga texnik va tijorat masalalarini erkin hal qilish imkonini beradi”, — dedi Ilhom Mahkamov.

2023-yil avgust oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish, Boku va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxonalar hamda logistika markazlarini qurish imkoniyatlarini muhokama qilgan edilar.

O‘tgan yilning sentabr oyida Trend nashri xabardor manbaga asoslanib, O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda paromlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar bergan edi. Loyihani moliyalashtirish hajmi $150 mlnni tashkil etadi.

2-iyul kuni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida kema qatnovi va kemasozlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi. Mazkur hujjat ikki davlatning transport vazirliklari o‘rtasida tuzildi.


Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon va Turkmaniston bilan hamkorlik bo‘yicha qanday takliflar bildirgani haqida yozgandi.

Prezident O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa chiqishni taʼminlash uchun yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligini ma’lum qildi.