Xitoy bilan vizasiz rejimning joriy etilishi bronlarning sezilarli darajada oshishiga va aviachiptalar narxining pasayishiga olib keldi. Bu haqda Aviasales aviachiptalarni qidirish xizmati matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
So‘nggi bir yil ichida Xitoyga bron qilish soni 66% ga oshdi, o‘rtacha chipta narxi esa 44% ga kamaydi.
Eng talabgir yo‘nalish Guanchjou bo‘lib, u barcha bronlashlarning uchdan bir qismini tashkil etadi. Bu shaharga chiptalar ikki baravar arzonlashdi.
Xitoy poytaxti — Pekinga bron qilish 76% ga oshdi, o‘rtacha chipta narxi esa 39% ga arzonlashdi. Sayohatning o‘rtacha davomiyligi 8 kun. O‘zbekistonliklar Xanchjouga sayohatlarni 82 foizga ko‘proq bron qila boshladilar. Bu shaharda sayyohlar o‘rtacha 10 kun vaqt o‘tkazishadi.
Shanxay biznes-klass parvozlari uchun eng mashhur yo‘nalishga aylandi. Xitoyning eng yirik moliya markaziga parvozlar narxi 23% ga arzonlashdi.
Aviasales’ning ta’kidlashicha, o‘zbekistonliklar oilaviy sayohatlar uchun ko‘pincha Pekin, Shanxay va Sanya shaharlarini tanlashadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida 14 618 nafar O‘zbekiston fuqarosi Xitoyga tashrif buyurgan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 88,5% ga ko‘p.
O‘zbekistonliklar Xitoyga ko‘pincha turistik maqsadlarda (jami tashrif buyuruvchilarning 77,9%i), qarindoshlari bilan uchrashish (14,2%), xizmat safarlari (4%) va o‘qish (3,56%) uchun borishadi.
1-iyundan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim joriy etildi. Ikki mamlakat fuqarolari davlatlar hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin. Undan oshgan muddatlar uchun esa viza talab etiladi.
Vizasiz rejim qabul qiluvchi tomonning vakolatli organlarining oldindan roziligini talab qiladigan ish, ta’lim, ommaviy axborot vositalari va boshqa faoliyatga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shuningdek, u Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlariga sayohat qilish uchun ham amal qilmaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida vizasiz rejim joriy etilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.