Markaziy bank oltin narxining oshishi o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan mustahkamlanishi bilan bog‘liqligini rad etdi. Bu haqda 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda regulyatorning Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti rahbari Sanjar Valiyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
“Oltin-valyuta zaxiralari xorijiy valyutada shakllantirilgani sababli [oltin narxining oshishi va dollar kursi o‘rtasida] korrelyatsiya mavjud emas. So‘mga hech qanday aloqasi yo‘q. E’lon qilinadigan statistikada zaxiralar hajmi AQSh dollarida aks ettiriladi. Bu yerda so‘mning ishtiroki yo‘q”, — dedi u.
2025-yil boshidan buyon O‘zbekiston rekord miqdorda oltin sotdi. O‘tgan oyda qimmatbaho metallar yetkazib berish $836 mlnni, yanvar-avgust oylarida esa $8,42 mlrdni tashkil etdi (yillik o‘sish 68,9%). Natijada sakkiz oy ichida eksport 2023-yilda o‘rnatilgan tarixiy maksimal daraja (8,15 mlrd) dan oshib ketdi.
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov Spot muxbirining O‘zbekistonda dollarning hozirgi kursi bozor kursimi, degan savoliga javob berdi.
“Mening fikrimcha, dollar kursi bozor talabiga to‘liq javob bermaydi. Agar bu kurs nimaga asoslanganiga eʼtibor qaratsak, eksportning 38%i oltin yetkazib berishdan kelmoqda. Demak, oltin sotilishi kursni ushlab turishga yo‘naltirilgan. Bu esa to‘liq bozor kursi emasligini anglatadi. Bu mamlakat oltin tushumlaridan valyuta kursini ushlab turish uchun faol foydalanayotganining bilvosita belgisidir. Bozordagi talab va taklif asosan oltin sotish hisobiga qoplanmoqda. Bu bozor usullari to‘liq qo‘llanilmayotganini ko‘rsatadi”, — dedi u.
Abduqodirovning ta’kidlashicha, valyutalar almashuv kursida dollarning jahon bozoridagi xarid qobiliyati pasayishi aks etadi, biroq dollar boshqa valyutalarga nisbatan o‘zbek so‘miga qaraganda kuchliroq tushmoqda.
Bundan tashqari, u uzoq vaqt davomida almashuv kursining barqarorligiga eʼtibor qaratib, valyutaga bo‘lgan talab va taklif o‘zgarmayotgandek taassurot uyg‘onayotganini, aslida bunday emasligini qo‘shimcha qildi.
Dollar nega arzonlashmoqda?
Iqtisodchi Yuliy Yusupov so‘m kursining o‘smaganligi va Markaziy bankning milliy valyutani sun’iy ravishda oshirmaganligini ta’kidladi. Uning fikricha, gap Donald Trampning bashorat qilib bo‘lmaydigan siyosati tufayli dollarning qadrsizlanishi haqida bormoqda — nafaqat so‘mga nisbatan, balki boshqa valyutalarga nisbatan ham: yil boshidan beri so‘mga nisbatan — 4,8% ga, yevroga nisbatan — 11,3% ga, rublga nisbatan — 29,3% ga, funt sterlingga nisbatan — 7,5% ga, iyenaga nisbatan — 6,7% ga pasaygan.
Yana bir dalil sifatida u so‘mning dollar va Xitoy yuanidan tashqari boshqa asosiy valyutalarga nisbatan qadrsizlanganini keltiradi. 1-yanvardan 26-avgustgacha milliy valyuta yevroga nisbatan 7,1%, funt sterlingga nisbatan 2,6%, rublga nisbatan 17,2%, iyenaga nisbatan 1,8%, Shveysariya frankiga nisbatan 6,8% arzonlashgan.
Biroq iqtisodchi Mirkomil Xolboyev so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishini faqat Amerika valyutasining qadrsizlanishi bilan izohlash pozitsiyasiga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, dollarning pasayish omili yanvar-aprel oylarida ustunlik qilgan, biroq keyingi oylarda kursga ichki va O‘zbekistonga xos omillar ham ta’sir ko‘rsatgan.
Kap Depo direktori Farrux Xo‘jayev dollarning so‘mga nisbatan qadrsizlanishini “qisqa muddatli tuzatish” deb baholab, bunday tebranishlar rivojlanayotgan bozorlar uchun xos ekanligini ta’kidladi. Uning fikricha, uzoq muddatli istiqbolda valyuta kursi quyidagi omillar asosida shakllanadi: inflyatsiya darajasi, tashqi savdo balansi holati va Markaziy bankning pul-kredit siyosati.
Hozirda valyuta kursiga quyidagilar ta’sir qiladi:
- eksport, turizm va pul o‘tkazmalaridan tushadigan mavsumiy valyuta tushumi;
- oltinning jahon narxlari o‘sishi va oltinni faol eksport qilish;
- xalqaro bozorlarda dollarning qadrsizlanishi;
- O‘zbekiston yevrobondlarini joylashtirish;
- importning mavsumiy pasayishi;
- Markaziy bankning valyuta intervensiyalari.
Farrux Xo‘jayev hozirgi sharoitda xususiy investorlar uchun dollarni sotish emas, sotib olish “maqsadga muvofiqroq strategiya” deb hisoblaydi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov Spot bilan suhbatda so‘mning mustahkamlanishiga dollarning pasayishi ham, mamlakatga valyutaning qo‘shimcha kirib kelishi ham ta’sir ko‘rsatayotganiga qo‘shildi. Bundan tashqari, u yana bir omil sifatida O‘zbekistonga importning sun’iy cheklanishini keltirib o‘tdi.
Avvalroq Spot dollar kursi ikki yil oldingi darajagacha pasayib, 12 171 so‘mni tashkil etgani haqida yozgandi. Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi 86 so‘m 10 tiyinga arzonladi.