O‘zbekistondagi islomiy bank faoliyatiga bir qancha xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda qabul qilingan va 29-iyundan kuchga kiradigan qonun islomiy moliyaviy xizmatlarni ikki shaklda ko‘rsatishni nazarda tutadi: islomiy “darcha"lar orqali yoki to‘liq islomiy moliyalashtirish tamoyillari asosida ishlaydigan banklar orqali. Ana’naviy banklar bir vaqtning o‘zida an’anaviy va islomiy mahsulotlarni taklif qilgan holda islomiy “darcha” ochish uchun qo‘shimcha litsenziya olishlari mumkin bo‘ladi.

Islomiy “darcha"lar orqali kamida 6 turdagi xizmatlar ko‘rsatiladi: muzoraba, vakala, murobaha, salam, mushoraka va ijara.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, 2026-yilda e’tibor asosan tayyorgarlik ishlariga qaratiladi. Xususan, alohida standartlarni joriy etish va kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan. Hozirda O‘zbekistondagi 10 ta bank islomiy “darcha” ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Avval regulyator islomiy moliya faqat bitta bankda yo‘lga qo‘yilishi mumkin deb hisoblagan bo‘lsa, endi 2−3 ta bankda ham joriy etilishi mumkinligi aytilmoqda.

“Xorijiy investorlardan ham juda ko‘p qiziqish kuzatilmoqda. 4−5 ta xorijiy bank kelib, „Islom moliyasi bo‘yicha qonun qabul qilinsa, O‘zbekiston bozoriga kirishimiz mumkin“, deyishmoqda. Bu biz bevosita ishlayotgan narsalardir”, — dedi Sanjar Nosirov.

Uning ta’kidlashicha, zarur infratuzilma yaratilgach, bu sohaga kiritilayotgan investitsiyalar yanada oshadi. Asosiy maqsad ham ko‘proq investitsiya jalb qilish, aholi va biznes uchun xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘lib, bu iqtisodiyotning o‘sishiga xizmat qiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bank tizimiga taxminan $1 mlrdlik investitsiyalar kirishi prognoz qilinmoqda.

“Nafaqat investitsiya, balki bilim va tajriba ham kirib keladi. Bu esa islom moliyasini tezroq joriy qilishimizga asos bo‘lishi mumkin.” — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

2025-yil oktabr oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev 2030-yilga borib mamlakatda 10 ta islom banki ochilishi kutilayotganini aytgan edi. Bundan tashqari, uchta davlat banki “islomiy darchalar"ni yaratadi. Regulyator islom moliyasiga yashirin sektordan pulni bank tizimiga jalb qilishning muqobil mexanizmi sifatida qaraydi.

Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026−2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Natijada, 2026−2030-yillarda qo‘shimcha $1 mlrd investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

O‘tgan hafta Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekistonda 10 dan ortiq banklar islom moliyasini ishga tushirishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda bank hisobvaraqlari o‘rtasida pul o‘tkazmalarining yangi usuli ishga tushirilgani haqida yozgandi.