Namangan, Andijon va Toshkentda o‘tkazilgan o‘rganishlarda ayrim dorixonlarda sertifikatlanmagan dori vositalarining savdosi aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mitaga hududlardagi ayrim dorixonalarda chet elda ishlab chiqarilgan dori vositalarining sifati kafolatlanmagan nusxalari sotilayotganligi haqida xabarlar kelib tushdi. Shundan so‘ng Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi bilan nazorat xaridi tadbiri o‘tkazildi.
Natijada, xarid qilingan preparatlarning seriyalari Davlat reyestriga kiritilmagani yoki muvofiqlik sertifikati mavjud emasligi aniqlandi. Jumladan, Namangan viloyatidagi Navbahor korxonasida shunday dori (Forsiga) sotilgan. Andijondagi uchta korxonada qonun buzilishi aniqlandi — Oyatullo 88 (Brilinta), Baraka farm grant (Forsiga) va Inomjon xoji farm (Pulmicort).
Bundan tashqari, Toshkent shahrida Globus farm (Forsiga), Ezoza pharm (Forsiga), Saidazim pharm (Brilinta) hamda Fomers (Brilinta) korxonalarida shu kabi holatlar kuzatilgan.
To‘plangan barcha hujjatlar markaz hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentiga yuborildi. Belgilangan tartibda dorixonalarga tegishli choralar ko‘rilib, sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdodan yig‘ib olinadi.
Raqobat qo‘mitasi isteʼmolchilarga dori vositalarini xarid qilishda ularning sertifikatini tekshirishni so‘ragan. Uni Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining maxsus elektron tizimi orqali onlayn aniqlash mumkin. Tizimda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiyot texnikalari uchun berilgan muvofiqlik sertifikatlari haqida maʼlumot beriladi.
Joriy yilning avgust oyida Zodac va Edem BADlarining 3 mingga yaqin kontrafakt nusxalari aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi Forsil reklamasi uchun Nika Pharmni jarimaga tortgani haqida yozgandi.