Telegram messenjerining asoschisi Pavel Durov internet foydalanuvchilarini ommaviy nazorat qilish va senzuraga qarshi bir nechta bayonot berdi. U bu fikrlarini 41 yoshga to‘lgan kuni, 10-oktabrda bildirdi.
Durov o‘zining Telegram kanalida bayramni nishonlamasligini yozdi. Buning sababi, u “otalarimiz biz uchun yaratgan erkin internetni qutqarish” uchun “vaqti yetishmasligi"dir.
Milliarder shunday dedi: “Bir paytlar erkin axborot almashish va’dasi bo‘lgan narsa kuchli nazorat vositasiga aylanib bormoqda”.
Xususan, u Buyuk Britaniyada raqamli shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar joriy etilishini, Avstraliyada yoshni onlayn tekshirishni va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida shaxsiy xabarlarni ommaviy ravishda skanerlashni tanqid qildi.
Durovning fikricha, “zulmatli, antiutopik dunyo shiddat bilan yaqinlashmoqda,” chunki odamlarga “yolg‘on uqtirilgan”.
“Ajdodlar merosiga xiyonat qilib, biz o‘z-o‘zimizni ma’naviy, aqliy, iqtisodiy va nihoyat biologik jihatdan yo‘q qilish yo‘liga o‘tdik”, — deb yozdi Durov.
Avvalroq Spot Pavel Durov Telegramda firibgarlar ustidan shikoyatlarni qabul qilishni boshlagani haqida yozgandi.
Messenjer foydalanuvchilari pullik xabarlar funksiyasi orqali firibgarlik va shantaj haqida messenjer asoschisining shaxsan o‘ziga shikoyat qilishlari mumkin.
