Navoiyda Forever Service korxonasi 4,8 mlrd so‘mlik mahsulotni birjadan chetda sotgani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita yog‘-moy korxonalari tomonidan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolarida sotish jarayonlarini kunlik va oylik monitoring asosida nazorat qilmoqda. Shu doirada Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi Forever Service korxonasi faoliyatini o‘rgandi.
Tekshiruvda korxona 4,8 mlrd so‘mdan ortiq mahsulotni — 117 tonna paxta yog‘i, 717 tonnadan ortiq paxta shroti va 154 tonna sheluxani birja savdosidan tashqarida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgani aniqlandi. Natijada, birjada shakllangan o‘rtacha kotirovka narxlariga nisbatan 55 mln so‘mga yaqin tafovut yuzaga kelgan.
Mazkur holat “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun ning 29-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablarini buzish sifatida baholandi.
Shu asosda korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ta‘sir chorasi qo‘llanildi va qonunbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Prezident qaroriga asosan, monopol bo‘lmagan yoki davlat ulushi 50% dan kam bo‘lgan korxonalar ishlab chiqargan paxta chigiti, paxta moyi, shrot va sheluxa mahsulotlari ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotilishi belgilangan.
Avvalroq Spot Buxoroda elektr bo‘yicha 1,8 mlrd so‘m asossiz hisoblangan qarzdorlik bekor qilingani haqida yozgandi.
