Dafn etish ishlarini ro‘yxatga olish raqamlashtiriladi. Bu haqda hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish va ro‘yxatga olishni raqamlashtirish, mazkur ishlarni elektron axborot tizimi orqali monitoring qilishga qaratilgan yangi elektron xizmatlar joriy qilinadi.
2026-yil 1-iyungacha FHDYning yagona elektron arxivi axborot tizimining Dafn etish ishlarini ro‘yxatga olish yagona elektron daftari moduli va uning mobil ilovasi ishlab chiqiladi.
Kelasi yil 1-martdan vafot etgan shaxsning o‘limi qayd etilgandan so‘ng uning eri (xotini), ota-onasi, farzandlarining my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetiga o‘lim qayd etilgani haqida QR-kodli maʼlumotnoma bepul yuboriladi.
Ushbu QR-kod tushirilgan maʼlumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi.
Kelgusi yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha Toshkent shahrida eksperiment tariqasida dafn etish ishlarini amalga oshirishning tartibi joriy etiladi.
Xususan, unda qabriston mudiri tomonidan vafot etgan shaxslarni dafn etishga ruxsat berish faqat elektron modul yoki uning mobil ilovasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Mudirlar tomonidan dafn etish ishlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni qog‘oz shaklida yuritish tartibi bekor qilinadi.
Spot, avvalroq, yagona portalda 1-noyabrdan shaxsga doir maʼlumotlar ularning qog‘oz shakliga tenglashtirilishi haqida yozgandi.
